Delegatsiya a’zolari Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasida uchrashuv oʻtkazdi. Tadbirda Tokio universiteti yapon tili oʻqituvchisi, asli oʻzbekistonlik Feruza Normatova “Yaponiya maktab ta’limi” mavzusida ma’ruza qildi. Suhbat davomida yapon ta’lim metodikasi va uning oʻziga xos jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari “Yaponiya – Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyatining umumiy yigʻilishida ishtirok etib, mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda xalqaro tajribalarni oʻrganish boʻyicha ma’ruzalar tingladi.

Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov ta’kidlashicha, Yaponiya ta’lim tizimida axloqiy tarbiya, oʻquvchilarning mustaqilligi, mehnatga hurmat va maktab-oila hamkorligiga alohida e’tibor qaratiladi.

Pedagoglarning fikricha, mazkur tajriba Oʻzbekiston ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada takomillashtirish va oʻquvchilar tarbiyasi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.