Yulduzlarga talpinib, boy bermaylik oftobni yoxud behuda o'tayotgan va isrof bo'layotgan fursatlar

    Odamzot uchun eng qimmatli narsa nima? Albatta, bu – vaqt, fursat! Inson bu dunyoda o'z oldiga maqsad qo'yib yashamasa, umri zoe o'tdi, deyavering. Maqsadga erishmoq uchun har bir daqiqa g'animat.

    Har bir narsaning, qolaversa, lahzalarning qadriga yetadigan komillik yoʻli esa barchaga ham nasib qilavermaydi. Tarixiy taraqqiyot yoʻlidan maʼlumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon yashashi oʻsha davlatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan eʼtibor darajasiga bogʻliq. Xoʻsh, kelajagimiz – yoshlarning vaqtlari qanday oʻtyapti, oltinga teng fursatlar nimalarga sarflanyapti?

    Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari oʻtgan yilning dekabr oyida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston yoshlari forumida ham quyidagilarni taʼkidlagan edi: “Biz yurtimizda qanday islohotlarga qoʻl urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-gʻayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz. Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun oʻz oldimizga ulkan marralar qoʻyganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlimni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni boʻlgʻusi Renessansning eng muhim boʻgʻinlari deb hisoblaymiz. Shu sababli ayni ushbu sohalarda tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qoʻshadilar”.

    Sir emas, Prezidentimiz yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalasiga bot-bot toʻxtalib oʻtadi, mutasaddilar oldiga talablar qoʻyadi va ijrosini nazorat qiladi. Yaqinda ushbu masaladagi oʻtkazilgan videoselektorda ham bu boradagi muammolar va ularning yechimlar haqida soʻz borib, mamlakatimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod ekani, bu aholining qariyb 55 foizini tashkil etishi taʼkidlandi. Bugungi kunda 18-30 yoshlilar orasida rasmiy ishsizlik 17 foiz ekaniga eʼtibor qaratildi.

    Shu maʼnoda bugun har bir ota-ona, shu yurtning faol pozitsiyasiga ega har bir fuqaro oldida bitta dolzarb vazifa bor: farzandlarning boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanishini taʼminlab berish va nazorat qilish. Ayrim ota-onalar bola tarbiyasi xususida ancha beparvolik qiladilar. Mutafakkir olim Abdulla Avloniy taʼbiri bilan aytganda, “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir”. Farzandlarimizning odob-axloqi, taʼlim-tarbiyasi masʼuliyati, birinchi navbatda, uyda ota-ona, bogʻchada tarbiyachi, oʻrta va oliy oʻquv yurtlarida muallim va ustozlar, koʻcha-koʻyda esa mahalla oqsoqollari zimmasida ekanini unutmaslik kerak.

    Buyuk muhaddis Buxoriy: “Najot faqat ilmdadur”, deb bejiz aytmagan. Chunki bilimsizlik jaholatdan, jaholat esa takabburlik, mutelik va buzgʻunchilikdan kelib chiqadi. Yoshlarimiz taʼlim-tarbiyasini milliy va diniy qadriyatlar asosida shakllantirib, Vatanga muhabbat, ota-ona va eliga hurmat ruhida kamol toptirsakkina qalbimiz xotirjam boʻladi.

    Isrof – gunoh amal. Isrof deganda faqat mablagʻ, boylik yoki mulkni sovurish tushunilmaydi. Qimmatli vaqtni behuda ketkazish, foydali ishlarga sarflamaslik ham isrofdir. Kuch-quvvat va salohiyatni el-yurtga yoki oʻziga foyda keltirmaydigan narsalarga yoʻllash ham isrofdir. Sogʻliqning qadriga yetmay, tinkani quritadigan yoki salomatlikka xavf soladigan ishlarga mukkadan ketish ham isrofdir. Umr ham xuddi shunday. Boshqa barcha neʼmatlarni qayta tiklash, qoʻldan chiqargach, yana unga erishish mumkindir, faqat umrni emas.

    Dam bu damdur, oʻzga damni dam dema

    Ilm egallash - ulugʻ fazilat. Ilm sohibi boʻlgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va oʻzgalarga ilm oʻrgatish har bir ziyo ahlining burchi. Aks holda oʻzgalarga oʻrgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir.

    Ulugʻ ajdodlarimiz kunlarini, vaqtu soatlarini foydali ish qilishga, goʻzal axloqiy va ilmiy darajalarga yetishish yoʻlida sarf qilishda doim ogoh va sergak edilar. Shuning uchun ham ularning bugunlari kechagisidan, ertangi kunlari bugungisidan aʼlo va afzal boʻlardi. Ular: “Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang, u seni kesadi”, degan hikmatli soʻzga amal qilishgan.

    Jamoat transportida hech kuzatganmisiz: 35-40 daqiqalik yoʻl davomida ayrim yosh-yosh yigit-qizlarning qoʻlidagi telefonlari quloqlariga yopishib qolgan boʻladi, kim bilandir (katta ehtimol bilan tengdoshlari) qattiq ovozda bekorchi narsalarni suhbatlashib ketadilar. Shu yarim soatdan ortiq vaqt mobaynida birorta joʻyali gap chiqmaydi ogʻizlaridan (istaysizmi-yoʻqmi, suhbatlari hammaga bemalol eshitilib turadi), hammasi bekorchi, odamning ensasini qotiradigan mavzular. Afsuski, aksincha, transportdagi vaqtini kitob oʻqish, gazeta-jurnal mutolaa qilishga sarflaydigan oʻsmirlarni borgan sari kamroq uchratyapmiz.

    Bahouddin Naqshband hazratlarida bunday gap bor: “Kim vaqtini zoye ketkazsa, vaqt uning dushmaniga aylanadi, nafasning zoye boʻlishiga yoʻl qoʻymang va undan ehtiyot boʻling”. Jamiyatimizdagi barcha insonlar, ular kim va qanday mavqega ega boʻlmasinlar, ayniqsa, kelajagimiz boʻlgan yoshlarimiz, aziz farzandlarimiz oltindan qimmat vaqtdan unumli foydalanishi va uni gʻanimat bilishi lozim. Yoshi ulugʻ keksalarimiz, muhtaram ota-onalar farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga beparvo boʻlmasligimiz, ularni oʻz vaqtlarini toʻgʻri, solih foydali amallar qilishga sarflashni oʻrgatishimiz kerak. Ayniqsa, shu kunlarda hur diyorimizda ilm maskanlari eshiklari kasb-hunar egallash uchun ochib berilganda vaqtni gʻanimat bilib, ularning barcha diqqat-eʼtiborini chuqur bilim olishga yoʻnaltirishimiz darkor boʻladi.

    Muvaffaqiyatning oʻzi kelmaydi

    Farzandlaringiz, ukalaringiz, umuman, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda yoki internet olamida nimalar bilan mashgʻul ekanini hech monitoring qilib koʻrishga uringanmisiz? Internet oʻtgan asrning 90-yillaridan soʻng tugʻilgan avlod hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurganidan xabaringiz bormi?

    Ushbu avlod vakillari internet bilan birga oʻsdi. Ularga boshqa hayot begona. Nazarimda, hozir omma Telegram messenjeri orqali boshqarilayotganga oʻxshaydi. Ertaga u oʻchiriladigan boʻlsa, aniq aytish mumkin – vahima boshlanadi. Chunki Telegram deyarli hamma narsani anglatadi: unda barchasi mujassam: muloqot, xizmatlar, OAV, savdo-sotiq va hokazo. Butun hayotimiz oʻsha yerda. Har birimiz bir kunda 5-6 soatni internetda oʻtkazayotgan boʻlsak, ajabmas.

    Yaqindan TikTok degan balo chiqqan. 16-18 yoshdagi aksariyat yigit-qizlar unga yopishib olgan. U yerda bitta fayl millionlab “layk” yigʻishi, millionlab marta koʻrilishi mumkin. Oqibatda qoʻrqinchli narsalar, ekstremizm, millatchilik urchib ketgandek.

    – Aytish mumkinki, ijtimoiy tarmoqlar avtomobilga oʻxshaydi, – deydi psixolog Nigora Mirashurova. – Unda siz sayru sayohat yoki xaridlar uchun bozorga borsangiz boʻladi. Ammo halokatga uchrab, oʻzingiz bilan birga boshqalarga ziyon yetkazishingiz ham mumkin. Bu shunaqa narsaki, ham yaxshi, ham salbiy jihatlari bor. Gap faqat ushbu vositadan qanday foydalanishda. Men pandemiya davrida yoshlar ijtimoiy tarmoqlar yordamida kasallikni yengish, yaqinlariga yordam berish uchun qanday birlashganini koʻrdim. Yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda bir-biri bilan muloqot qilmoqda, fikrlarini ochiq bildirmoqda, tanqid qilmoqda. Shu tariqa ularning intellektual salohiyati ham oʻsib borayotgani tabiiy. Hozirgi yoshlar ijtimoiy tarmoqlarning kuchini yaxshi tushunadi, ijtimoiy tarmoqlarda koʻtarilayotgan masalalar muhokamasi yordamida qanchalik koʻp oʻzgarishlarga erishilayotganini koʻradi.

    “Muvaffaqiyatning oʻzi sizga kelmaydi. Siz oʻzingiz u tomon harakatlanishingiz kerak”, degan edi amerikalik mashhur pedagog Marva Kollinz. Bu harakatlanish esa faqat telefon kavlashtirishdan iborat emas.

    Bugun mamlakatimizda maʼnaviyatga juda katta eʼtibor bilan qaralmoqda. Jumladan, kitobxonlik ragʻbatlantirilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, barcha muvaffaqiyatlarning, ezguliklarning beshigi kitobdir. Qani endi, ota-onalar muntazam ravishda oʻz farzandlarini kitob doʻkonlariga olib borsalar, ularning kutubxonaga qatnashini ragʻbatlantirsalar. Millionlab mablagʻ sarflab, zamonaviy telefonlar emas, bolalarga kitob, elektron kitob, audiokitob, dasturlar sovgʻa qilsalar.

    Maʼnaviyat – quyosh

    Xalqimizda “Birni koʻrib fikr qil, birni koʻrib shukr qil”, degan serhikmat maqol bor. Shundan kelib chiqib, hozirgi tahlikali dunyo­ning bir qator mamlakatlarida kuzatilayotgan turli toʻs-toʻpolonlar, tartibsizliklar negiziga eʼtibor beradigan boʻlsak, ularda davlatning oʻsib-unib kelayotgan yoshlarga, ularning hayotdagi qiziqishlari, huquq va manfaatlariga eʼtiborsizligi, yoshlarga oid siyosatining hozirgi zamonning yangi tahdidlariga javob bermasligi oqibatini koʻrish mumkin. Ularda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularni ish bilan band qilish, sogʻ­lom turmush tarziga oʻrgatish oʻz holiga tashlab qoʻyilgani achinarli, albatta. Bunday mamlakatlarda davlat va yoshlar oʻrtasida uzilish paydo boʻlganini kuzatish mumkin. Koʻpgina muammolarning zamirida zamon talab qilgan aniq bir kasb-hunarga ega boʻlmaslik va natijada ishsizlik, bekorchilik yotadi.

    Ayniqsa, bugungi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan asrda kimlardir bu texnologiyalarni bunyodkorlik, ilm-fan, taraqqiyot yoʻlida qoʻllasalar, kimlardir ijtimoiy tarmoqlar orqali ongi moʻrt, hayotda mustaqil fikrlashga, pozitsiyaga ega boʻlmagan millionlab yoshlarni toʻrga tushirish va oʻz qabih maqsadlarini amalga oshirish yoʻlida foydalanmoqdalar. Maqsad — yoshlar qalbini egallash, muayyan mamlakat yoki mintaqadagi biror millat yoxud xalqning ongiga, uning sezgi-tuygʻulariga taʼsir oʻtkazish, uni oʻz dunyoqarashiga boʻysundirish, maʼnaviy jihatdan zaif va tobe qilish. Fikr qaramligi, tafakkur qulligi esa har qanday iqtisodiy yoki siyosiy qaramlikdan koʻra dahshatlidir.

    Oʻsib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berish borasida koʻrilayotgan kompleks chora-tadbirlar xalqimizga xos xususiyat boʻlib, milliy tabiatimizning uzviy qismiga aylangan. Har bir oilada, har bir mahallada, eng avvalo, yoshlarning salomatligini taʼminlash, ularga yaxshi bilim berish, ayni paytda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarga ega munosib shaxslar etib voyaga yetkazish azaldan muhim masala boʻlib kelgan. Hozir ushbu vazifalar ijrosi Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi va bu esa barcha sohalarda yuksak yutuqlarga erishish imkonini bermoqda.

    Muxtasar aytganda, hoyu havas, moddiyat ortidan koʻngilga kelganini qilish, koʻngil xushligi, dil istagi uchun qoʻldagi telefondan bahra topish – bu tun chogʻi yarq etib koʻzga tashlanadigan jilvakor olis yulduzlar shuʼlasiga oʻxshaydi. Jiviri bor, tafti yoʻq. Maʼnaviyat esa – quyosh. Uning harorati, umrni bezaydigan nuru ziyosi bor. Yulduzlarga mahliyo boʻlib, oftobni boy berib qoʻymaylik.

    Nodir MAHMUDOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri