Xalq taʼlimi vaziriga senator soʻrovi yuborildi

    Ta'lim 20 Yanvar 2021 1589

    Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida xalq taʼlimi sohasini isloh qilish, yoshlarni taʼlim-tarbiya olishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, umumtaʼlim maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.

    Bularni amalga oshirishda, avvalo, mavjud kamchilik va muammolarni aniqlab, hal qilish lozim.

    Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q. Burxanov hududlarda aholi bilan uchrashib ularni qiynayotgan muammolarni oʻrgandi.

    Xususan, joriy yilning yanvar oyida Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani aholisi bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda “Oʻchoqli”, “Yangi turmush” va “Taraqqiyot” mahallalari fuqarolari ushbu mahallalardagi maktablar taʼmirtalab holatga kelib qolganligi sababli, kapital taʼmirlab, rekonstruksiya qilishda amaliy yordam berishni soʻradi.

    Senatorlar tomonidan “Oʻchoqli”, “Yangi turmush” va “Taraqqiyot” mahallalarida joylashgan umumtaʼlim maktablari holatlari joyiga chiqib oʻrganilganda, haqiqatdan ham mazkur maktablar bugungi kun talablariga umuman javob bermasligi aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha tumanda 62 ta umumtaʼlim maktabi mavjud boʻlib, ularda 27 672 nafar yoshlar tahsil olmoqda.

    13 ta umumtaʼlim maktablarida esa sport zallari yoʻqligi sababli oʻquvchilar jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanishmayapti.

    Yuqoridagilarni inobatga olib, Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q. Burxanov xalq taʼlimi vaziri Sh.X.Shermatovga senator soʻrovi yubordi.

    Unda Toshkent viloyati Oʻrtachirchiq tumani “Oʻchoqli” MFYda joylashgan 38-sonli maktabning eski binosi oʻrnida yangi zamonaviy 120 oʻrinli maktab binosini qurish, “Yangi turmush” MFYdagi 50-sonli maktabning boʻsh turgan binosini hamda “Taraqqiyot” MFYda joylashgan 20-sonli maktabni kapital rekonstruksiya qilish maqsadida 2022-yilga moʻljallangan investitsiya dasturiga kiritish choralarini koʻrilishi soʻralgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi
    Oliy Majlisi Senatining
    Axborot xizmati