Abdelaziz Bergut muassasaning kutubxona fondi, mavjud bir qator nodir qoʻlyozma va eksponatlar bilan mehmonlarni tanishtirdi. Kutubxonada saqlanayotgan eng nodir qoʻlyozmalar – Abu Rayhon Beruniyning astronomiya ilmiga oid 1197-yilga mansub “Kitob al-Tafhim” asari va Abulqosim Firdavsiyning 1612-yilga oid “Shohnoma” asari ekan. Mazkur asarlar 20 asr oxirlarida Yevropa auksionlarida xarid qilingani maʼlum qilindi.
Muloqot davomida Oʻzbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini oʻrganish, nodir manbalarni tadqiq etish, noyob qoʻlyozmalarni faksimile nusxasini yaratish, qoʻshma ilmiy tadqiqot va anjumanlar oʻtkazish kabi yoʻnalishlarda hamkorlik rejalari koʻrib chiqildi.
Kuala-Lumpur shahrida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan birgalikda Beruniy ilmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.