Olot tumani tibbiyot birlashmasida Buxoro davlat tibbiyot instituti kafedrasi tashkil etildi

    Ta'lim 27 Yanvar 2021 4872

    Joriy yil 21-22-yanvar kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Buxoro viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida sogʻliqni saqlash soha xodimlariga ham bir qator topshiriqlar bergan edi.

    Shu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-oʻqituvchilar tomonidan Olot tumani aholisi uchun sifatli tibbiy xizmatni tashkil etish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasi poliklinikasida institutning Travmatologiya va bolalar xirurgiyasi kafedrasi filiali tashkil etildi. Shu bilan birgalikda sohaga oid fanlarni oʻqitish uchun yetarli sharoitga ega maʼruza xonasi tashkil etildi.

    Bu yerda talabalar poliklinika tibbiy brigadalariga biriktirilgan holda oʻz oʻqituvchilari ostida tibbiy koʻrik tadbirlarida ishtirok etishmoqda. Kafedra filialida talabalarga birinchi darsni institut rektori professor Shuhrat Teshayev va Respublika Neyroxirurgiya markazi direktori Gʻayrat Kariyev oʻtishdi.

    Qayd etish joizki, Olot tumaniga yuborilgan institutning Davolash ishi yoʻnalishi 6 kurs talabalarga bu yerdagi faoliyat fanning nazariy darslarini oʻzlashtirish bilan birga oʻziga xos amaliyot hisoblanadi. Prezidentimizning birlamchi boʻgʻinga qaratayotgan alohida eʼtibori, xususan, oilaviy shifokor nufuzining oshirilayotganligi olis hududlar aholisiga malakali tibbiy xizmat koʻrsatishga muhim ahamiyat kasb etadi. Boʻlgʻusi shifokorlarga buning mohiyatini tushuntirib, ularni oʻz hududlariga jalb etishga kuyunchaklik bilan yondashishlari etiladi.

    Bungacha Vobkent tuman tibbiyot birlashmasida institutning Xirurgik kasalliklar va reanimatsiya, Ichki kasalliklar va endokrinologiya, Akusherlik va ginekologiya kafedrasi filiallari tashkil etilgan edi.