Kasb-hunarli va bilimli avlodni tarbiyalash milliy harakatga aylanishi zarur!

    Davlatimiz siyosatida yoshlar kamolotiga katta eʼtibor qaratish, ularning har tomonlama etuk, zamonaviy bilimlarga ega, jamiyatda oʻz oʻrnini topgan insonlar boʻlib etishishi uchun jonkuyarlik koʻrsatish muhim oʻrinni egallaydi.

    Shu sababli ham Oʻzbekiston Prezidenti har bir chiqishida mazkur masala xususida alohida soʻz yuritadi. Jumladan, joriy yilning 27-yanvarida davlatimiz rahbari raisligida yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ertamiz egalarining kelajagi bilan bogʻliq dolzarb masalalar haqida soʻz bordi.

    Prezidentimizning jon kuydirib aytgan soʻzlari ulkan mohiyatga ega. Chunki har bir yosh — jamiyatining faol boʻgʻini, boʻlgʻusi oila boshligʻi, farzandlarning ota-onasi, kelajak poydevorining bunyodkori. Afsuski, yoshlarni ezgu gʻoyalar atrofida birlashtirish, ularning qobiliyatini roʻyobga chiqarish va toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish, oddiy qilib aytganda, oʻz farzandlarimizga ega chiqish masalalariga uzoq vaqt notoʻgʻri munosabatda boʻlib kelindi. Mamlakatimiz rahbari bu boradagi muammo va kamchiliklarni oshkora aytdi, masalaning eng ogʻriqli nuqtalariga eʼtibor qaratdi va ularni hal qilishning aniq yechimlarini koʻrsatdi.

    Yoshlar bandligini taʼminlash omillaridan biri ularni talab etilayotgan kasb boʻyicha ixtisoslashtirishdir. Yigʻilishda shu paytgacha ishsiz aholi va boʻsh ish oʻrinlari oʻzaro uygʻunlikda koʻrib chiqilmagani tanqidiy tahlil qilindi.

    Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil yangilanishlar, yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonlari yoshlarga munosabatni tubdan oʻzgartirishni talab qilayotganini davlatimiz rahbari ilgari ham bir necha marta taʼkidlagan edi. Bu borada davlat mehribon ota singari farzandining qobiliyati va qiziqishlarini toʻgʻri baholashi, hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishi kun tartibidagi muhim masaladir.

    Shu oʻrinda yoshlar oʻrtasida turli tanlovlarning oʻtkazilishi ularning iqtidorini namoyon etish bilan bir qatorda, oʻz ustida ishlash, raqobat muhitida kurashish, salohiyatini roʻyobga chiqarishga xizmat qilishini taʼkidlash joiz.

    Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yoshlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan startap va innovatsion, texnologik loyihalar tanlovlarini yana-da kengaytirish, yoshlarni mana shu tanlovlarga koʻproq jalb etish muhim ahamiyatga ega. Yoshlarning startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun 2018–2020-yillar oraligʻida oltita tanlov tashkil etilgan boʻlib, ular doirasida umumiy qiymati 33,77 milliard soʻmlik bir yuz yettita innovatsion va startap loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish maqsadida “Technoways” innovatsion marafoni tashkil etildi. Unda oʻn bir jamoaga birlashgan, oʻz loyihalariga ega ellik nafar ishtirokchi qatnashdi. Yakunda toʻrtta loyiha moliyalashtirildi.

    Yigʻilishda diplomi yoʻq, lekin amaliy koʻnikmaga ega ishsiz yoshlarni malakani baholash markazlarida oʻqitib, sertifikat berish tizimi joriy etilishi xususida ham soʻz bordi. Shuningdek, qator oliy taʼlim muassasalari va yirik sanoat tarmoqlarida malakani baholash markazlarini tashkil etish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatidagi yoshlarning minitexnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratish, kredit olishda sugʻurta toʻlovi boʻyicha koʻmaklashish, har oʻn gektar ekin yeridan bir gektarini dehqonchilik uchun ajratish tartibini joriy etish, zaxira yerlarni foydalanish uchun berish, tomorqada limonchilik, parrandachilik, quyonchilik, asalarichilik faoliyati uchun kreditlar ajratish kabi aniq yechim va takliflar tilga olindi. Oʻgʻil-qizlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, qobiliyatini yuzaga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.

    Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi tufayli, birinchidan, respublikada kichik yer maydoniga ega yangi avlod yosh fermerlar armiyasi shakllanadi. Ikkinchidan, mahalliy bozorlarimiz yangi, xilma-xil va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻladi.

    Oʻz oʻrnida, bu hammamizga juda katta masʼuliyat va majburiyat yuklaydi. Birinchidan, fermerlar yoshlarga berilayotgan yerdan qolgan asosiy maydonlardan endi koʻproq hosil koʻtarishi zarur boʻlsa, yigit-qizlar oʻzlari olgan yerdan unumli foydalanib, noanʼanaviy innovatsion usullarda dehqonchilikni yoʻlga qoʻyishi lozim. Yangi “aqlli texnologiyalar”ni qoʻllab, bobodehqon fermerlarning ishonchiga munosib ekanini koʻrsatadi.

    Bu borada ilm-fan, innovatsiyalar, texnologiyalar transferi kabi yangi koʻnikmalarni oʻzlashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi. Olimlar va mutasaddi vazirliklar fermerlarga nisbatan kichik yer maydonidan oldingi yillardagidan kam boʻlmagan hosil olishga yordam berishi va eng asosiysi, yosh yer egalarini, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, oʻqitib oʻrgatib, ularga koʻmakchi boʻlishi kerak.

    Prezidentimiz tomonidan yoshlarning loyihalari uchun 2021-yilga ajratilgan ellik milliard soʻm mablagʻ aynan yosh olimlarni, startapchilarning innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. Bu tanlovlar soddalashtirilgan, yaʼni ortiqcha byurokratik toʻsiqlarsiz, shaffof tarzda oʻtkazilishi nazarda tutilgan boʻlib, yaqin kunlarda dastlabkilari eʼlon qilinadi.

    Har bir gektar yer egasi, albatta, unga innovatsiya (yaʼni yangi noanʼanaviy ekin, sifatli urugʻ, yangi organik oʻgʻitlar, aqlli sugʻorish texnologiyalari kabi) olib kirishi lozim. Buning uchun yoshlar vazirligimizda tashkil qilinayotgan yosh olimlarning ilmiy va startap loyihalariga, “Yuzta innovatsion gʻoya” tanlovlariga murojaat qilishlari va oʻzlariga ajratilgan yerdan samarali foyda olishlariga imkon beradigan boshlangʻich mablagʻlarni qoʻlga kiritishi mumkin. Qolaversa, ular vazirlikdagi startap akseleratorda qatnashib, oʻz innovatsion gʻoyalarini roʻyobga chiqarishi uchun koʻnikma hosil qilish hamda, eng asosiysi, qoʻllamoqchi boʻlgan texnologiyalarining iqtisodiy samaradorligini asoslovchi hujjatlarni taniqli biznes-trenerlar bilan birga tayyorlab olish imkoniga ega.

    Vazir sifatida ham, olim sifatida ham mana shu tanlovlarda hamda akselerator oʻquv dasturlarida yoshlarimizni faol ishtirok etishga chorlayman. Afsuski, koʻpchilikda, shu jumladan, yigit-qizlarda ham turli tanlovlarga ishonchsizlik, shubhalanish bilan qarash shakllangan. Shu shubhalarni, ishonchsizlikni yengish payti keldi. “Baribir gʻolib boʻlmayman”, deb harakat qilmaslik bugunning ishi emas. Avval ishtirok etish, qatnashish kerak, ana undan keyin xulosa chiqarsa boʻladi. Albatta, tanlov borki, unda gʻolib va magʻlub boʻladi. Lekin magʻlub boʻlgan ham oʻziga xulosalar chiqaradi, qaysi tomonlarini kuchaytirishi, qaysi jihatlari ustida yanayam qattiqroq ishlashi kerakligini anglab yetadi.

    Yoshlarning oʻzligini anglab olishiga koʻmaklashishga qaratilgan davlat siyosati negizida “Oʻz kuningni oʻzing koʻrib yuraver” degan eski tamoyildan toʻla voz kechib, oʻgʻil-qizlarda fidoyilik, vatanparvarlik xususiyatlarini shakllantirishga qaratilgan xayrli ishlarni kuchaytirish, ularning maʼnaviyatini yuksaltirish va, pirovardida, oʻz farzandlarimizga oʻzimiz ega chiqishimiz kabi ezgu maqsadlar yotibdi. Prezidentimiz taʼkidlab oʻtgan va sohalar oldiga belgilab bergan vazifalarning barchasi yoshlarimizni sogʻlom fikrli, jismonan baquvvat, ajdodlarimizning boy merosidan xabardor, vatanparvar va fidoyi qilib tarbiyalashning muhim jihatlariga eʼtibor qaratilgani bilan ahamiyatga molik. Bir soʻz bilan aytganda, yoshlarni oʻqitib-oʻrgatib, keyin ularga ish berish bugun milliy harakatimizga aylanishi lozim.

    Aynan mana shunday tizimga misol sifatida vazirligimiz va Sirdaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda barpo etilgan “Sirdaryo biznes akseleratori”ni keltirishimiz mumkin. Mazkur akseleratorda yoshlar oʻz gʻoyalarini biznes loyihalarga aylantirish, loyihani shakllantirish, uni ilgari surish, rivojlantirish va undan foyda olishni oʻrganadi. Markazda yuqori texnika va texnologiyalar asosida har yili “mahallabay” tizimida bir yarim ming nafar yoshga kasanachilik, toʻqimachilik, oʻymakorlik, sartaroshlik, payvandchilik, robototexnika va pazandachilik hunarlari oʻrgatiladi. Yoshlar kichik texnologiyada biror mahsulot yaratishni oʻrganish barobarida, sertifikatni qoʻlga kiritish uchun oʻquv kurslari davomida yaratgan mahsulotini sotish va oʻz mijozlarini yigʻish koʻnikmalarini ham shakllantirib boradi Bu maskanda yoshlarga marketing sohasi boʻyicha ham bilim beriladi.

    Akseleratorning oʻquv kurslaridan farqli jihati shundaki, oʻzi ishlab chiqarayotgan mahsulotini sota oladigan va sertifikatni qoʻlga kiritgan har bir yoshga oʻzi oʻrganib olgan kichik texnologiyani sotib olish uchun imtiyozli kredit mablagʻlari ajratiladi. Markazda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari vakillari bilan birga imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirish, muayyan tuzilmalardan mablagʻ olish, venchur jamgʻarmalaridan foydalanish imkoni yaratilgan.

    Yigʻilishda hozirgi yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishi qamrovini kengaytirish uchun har bir tumanda kamida bittadan maktabda IT-toʻgaragi ochish, yana yuzta raqamli texnologiyalar oʻquv markazi tashkil etib, yigirma ming yigit-qizni dasturlash va axborot texnologiyalari sohasi boʻyicha tadbirkorlikka oʻqitish muhimligi taʼkidlandi.

    Davlatimiz rahbari iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasini ilgari surdi. Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, taʼlim, sport, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi gʻoyalarini roʻyobga chiqarish uchun sharoit yaratish vazifasi qoʻyildi.

    Bu gʻoyalarni amalga oshirishda vazirligimiz tomonidan ishlab chiqilgan “TexnoBus” texnologik mobil taʼlim platformasi tajribasi juda foydali. Ushbu koʻchma taʼlim platformasida mamlakatimizning turli viloyatlaridagi yoshlar uchun ular yashayotgan joyning oʻzida robototexnika va elektronika, 3D prototiplashtirish, dasturlash, VR/AR va boshqa interaktiv yoʻnalishlar boʻyicha treninglar, mahorat darslari oʻtkazilmoqda. Shu kunga qadar “TexnoBus” platformasi yoshlarni eng soʻnggi texnologiyalar namunalari bilan tanishtirib, hududlarda bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan yoshlar texnoparklarida faoliyat yuritishi mumkin boʻlgan yoshlar jamoalarini shakllantirmoqda. Yaqin kunlarda ochilishi kutilayotgan Andijon, Samarqand va Ohangaron yoshlar texnoparklarining faoliyati aynan yigit-qizlarning salohiyati, iqtidori va intilishlariga bogʻliq.

    Vazirligimizda oʻn besh yoshgacha boʻlgan bolalarga ilm-fan va innovatsiyalar madaniyatini singdirish hamda ularning matematika, shuningdek, aniq va tabiiy fanlar boʻyicha bilimini oshirish maqsadida “Science for kids” platformasi tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar oʻn oltita tadbir oʻtkazildi hamda oʻn sakkiz mingga yaqin bolani qamrab olgan. Qiziqarli tajribalar, mahorat darslari, tanlovlarni oʻz ichiga olgan mazkur platforma ishtirokchilari vazirligimiz huzuridagi Yoshlar akademiyasining boʻlgʻusi aʼzolari boʻlsa, ajabmas.

    Darvoqe, vazirlik huzuridagi Yoshlar akademiyasi aʼzolari soni bir ming sakkiz nafarga yetdi. Respublikamiz viloyatlarida oʻn besh nafar yetakchi tanlab olindi. Mana shu yoshlar mamlakatimizning intellektual zaxirasi boʻlishi bilan qatorda, oʻz ishlanma, loyiha, tadqiqot va tadbirkorlik faoliyati bilan yurtimiz ravnaqiga hissa qoʻshib kelmoqda.

    Ibrohim ABDURAHMONOV,

    innovatsion rivojlanish vaziri, akademik