TDYUUda intellektual mulk huquqi boʻyicha maxsus kurslar tashkil etiladi

    Ta'lim 20 Noyabr 2020 3464

    Xabaringiz bor, Prezidentimiz rahbarligida 2020-yil 12-oktyabr kuni oʻtkazilgan intellektual mulk obektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi kengaytirilgan yigʻilishda davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining sohaga oid kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish belgilangan edi.

    Yigʻilishda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 23-27-noyabr kunlari universitet huzuridagi Yuridik kadrlarni xalqaro standartlar boʻyicha professional oʻqitish markazi tomonidan intellektual mulk huquqi boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslar tashkil etilmoqda.

    Dastlabki mashgʻulotlarga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining 100 nafarga yaqin mutaxassisi jalb etiladi.

    Masofaviy tarzda oʻtkaziladigan darslarni intellektual mulk sohasi boʻyicha yuqori malakali mutaxassislar olib boradi. Mashgʻulotlar davomida tinglovchilar intellekual mulk huquqining dolzarb masalalari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻladi.

    Yakunda kurs bitiruvchilariga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi