16 kun davom etadigan ushbu nufuzli qit’a musobaqasida Osiyoning 45 davlatidan 11 ming nafardan ziyod ishtirokchi sportning 43 turi bo‘yicha bahs olib boradi.
Nagoya shahridagi “Paloma Mizuho” stadionida Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Sport delegatsiyalari paradida O‘zbekiston bayrog‘ini boks bo‘yicha jahon chempioni To‘rabek Habibullayev hamda qilichbozlik bo‘yicha “Xanchjou–2022” Osiyo o‘yinlari chempioni Guliston Perdebayeva baland tutdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida 396 nafar sportchi – 224 nafar erkak va 172 nafar ayol 42 sport turida mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda. Shundan 36 tasi olimpiya, 6 tasi noolimpiya sport turlaridir.
Aichi–Nagoya–2026 O‘zbekiston sportchilari uchun “Los-Anjeles–2028” Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik yo‘lidagi muhim bosqich sanaladi. Ayrim sport turlarida Olimpiada yo‘llanmalari uchun ham bahslar kechishi musobaqaning ahamiyatini yanada oshiradi.
Bugun o‘zbekistonlik sportchilar MMA, triatlon, velosport, o‘q otish, zamonaviy beshkurash, chim ustida xokkey, sohil voleyboli, karate, stol tennisi, gandbol, suv polosi va ushu bo‘yicha bahslarga kirishadi.
Triatlon va velosportda sportchilarimiz medallar uchun kurash olib boradi. Triatlonda Jeremi Kuindos va Aleksandr Kurishov erkaklar yakkalik finalida, Alina Hakimova va Diana Bektimirova esa ayollar yakkalik finalida start oladi. Velosportda Yanina Kuskova va Nikita Svetkov individual bahslarda medal uchun bahslashadi.
Karateda Humoyunmirzo Halimov, Mehriddin To‘raxonov va Bonu Egamberdiyeva medal yo‘lida tatamiga chiqadi. Ushu bahslarida esa Farog‘at Nurmamatova, Avazbek Mahamadjonov va Doniyor Turg‘unboyev o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Jamoaviy sport turlarida ham O‘zbekiston vakillarini muhim uchrashuvlar kutmoqda. Chim ustida xokkeyda ayollar termasi Hindiston, erkaklar termasi Malayziyaga qarshi maydonga tushadi. Stol tennisida ayollar va erkaklar jamoalari Yaponiya bilan bahslashsa, gandbolda O‘zbekiston qizlar termasi Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi. Suv polosi bo‘yicha esa vakillarimiz Xitoy termasi bilan kuch sinashadi.
MMA, sohil voleyboli va boshqa sport turlaridagi bahslar ham O‘zbekiston delegatsiyasi uchun muhim sinov bo‘ladi.