Sichqonlarda o‘tkazilgan tajribalarda u yurak faoliyatining ayrim ko‘rsatkichlarini 80 foizgacha yaxshiladi.
London Qirollik kolleji olimlarining mazkur tadqiqoti “Science Advances” jurnalida chop etildi, deb xabar berdi lenta.ru.
Gap urolitin A — anor tarkibidagi birikmalardan ichak bakteriyalari hosil qiladigan modda haqida bormoqda. Ilgari olimlar uni yallig‘lanishga qarshi va antioksidant ta’sirlar bilan bog‘lashgan, ammo uning yurak yetishmovchiligiga ta’siri hali ham kam o‘rganilgan.
Mualliflar urolitin A ning ta’sirini yurak yetishmovchiligi bo‘lgan, qon otib berish fraksiyasi saqlangan sichqonlarda tekshirib ko‘rishdi. Bu holatda yurak normal qisqarish qobiliyatini saqlab qoladi, biroq juda qattiq bo‘lib qoladi va zarbalar orasida yomonroq bo‘shashadi.
Bu modda hayvonlarda yurakda chandiqli to‘qima hosil bo‘lishini kamaytirdi va uning bo‘shashish qobiliyatini yaxshiladi. Ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha yurak faoliyati birikma qabul qilmagan sichqonlarga nisbatan 80 foizgacha yaxshilangan.
Qo‘shimcha tajribalar laboratoriyada o‘stirilgan inson yuragi to‘qimasida o‘tkazildi. Urolitin A uning qisqarishi va bo‘shashishini tezlashtirdi. Olimlar bu ta’sirni bosimni tartibga solish va yurak mushaklarini bo‘shashtirishda ishtirok etuvchi PKGIα oqsilining faollashuvi bilan bog‘lashadi.
Shu bilan birga, mualliflarning ta’kidlashicha, natijalar anor iste’moli yurak yetishmovchiligini butunla davolay oladi degani emas.