Oʻtgan 35-yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasorati eʼtirof qilindi.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning yorqin xotirasi ehtirom bilan yod etildi.
Prezidentimiz mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon boʻlishini taʼkidladi. Islohotlarning birinchi kunlaridan xalqning qalbiga quloq solish va aholining dardiga darmon boʻlish asosiy maqsad etib belgilandi.
“Inson qadri uchun” gʻoyasi davlat siyosatining markaziga olib chiqildi. Birinchi galda “paxta qulligi”, majburiy va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi hamda “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berildi.
– Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qoʻrquv va hadik oʻrnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi oʻn yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.