Suhbat avvalida ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari va koʻp qirrali amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Soʻnggi yillarda oliy darajadagi samarali muloqotlar tufayli oʻzaro aloqalar yangi sifat bosqichiga koʻtarilgani taʼkidlandi. Bugungi kunda Qatar kompaniyalari bilan energetika, kimyo sanoati, oziq-ovqat xavfsizligi, transport, qurilish kabi sohalarda faol ishlar olib borilmoqda, joriy yil boshidan buyon investitsiyalar oʻzlashtirilishi sezilarli darajada oshdi.

Shuningdek, jadal rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari ham belgilab olindi. Xususan, dekabr oyida oʻtadigan Doha forumida Oʻzbekistondan nufuzli delegatsiya ishtirok etishi, tadbir doirasida Hukumatlararo qoʻshma komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlarini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.