“Buxoro sho‘rdanaklari”ning o‘ziga xos xususiyatlari hududning tabiiy-iqlim sharoiti, mahalliy xomashyo hamda uni tayyorlashning an’anaviy usullari bilan chambarchas bog‘liq. Tarixan ushbu mahsulot Buxoro vohasida tayyorlanib, turli hududlarga keng tarqalgan.

“Buxoro sho‘rdanaklari” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani ushbu nomning huquqiy muhofazasini ta’minlaydi.

Natijada:

mahsulotning Buxoro hududiga mansubligi va o‘ziga xos xususiyatlari himoya qilinadi;

iste’molchilar uchun mahsulotning kelib chiqishi va haqiqiyligini aniqlash imkoniyati oshadi;

Buxoro sho‘rdanaklarini mahalliy va xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish uchun huquqiy asos mustahkamlanadi.

Mazkur geografik ko‘rsatkichning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi Buxoro viloyatining milliy gastronomik merosini asrash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, hududiy brendni rivojlantirish hamda mahsulotning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan geografik hududga mansubligini hamda uning sifati, obro‘si yoki boshqa xususiyatlari aynan shu hududga xos tabiiy sharoitlar yoki inson omillari bilan bog‘liqligini ifodalovchi intellektual mulk obyektidir.