Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ma’lum qilishicha, mazkur holat nazoratga olinib, Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakil tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari amalga oshirilgan.
O‘rganish jarayonida murojaatda qayd etilgan shaxs bilan xoli tarzda suhbat o‘tkazilib, uning saqlanish sharoitlari, murojaatda keltirilgan vajlar hamda tanasida tan jarohatlari alomatlari mavjud yoki mavjud emasligi tekshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan 4-sonli tergov hibsxonasining ayrim xodimlariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Shuningdek, murojaatda tilga olingan shaxsga nisbatan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
O‘rganish davomida to‘plangan hujjatlar Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida protsessual tartibda ko‘rib chiqish uchun Buxoro viloyati prokuraturasiga taqdim etilgan.
Ombudsman mazkur holat yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar va qabul qilinadigan qarorlarni o‘z vakolati doirasida nazorat qilib borishini ma’lum qildi.