Kadastr masalasi keyingi yillarda yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarni xarid qilishda eng muhim jihatga aylandi. Yaxshi niyat bilan pul jamgʻarib, xonadon sotib olgan inson kalitni qoʻliga olib, oʻsha uyda yashay boshlaydi. Ammo surishtirsangiz, haligacha kadastr pasporti, yaʼni xonadon unga tegishli ekanini tasdiqlovchi hujjati yoʻq. Bunda masala kadastr hujjati yoʻqligida emas, balki qurilgan koʻp qavatli kvartira tegishli talablarga javob bermagani bois, foydalanishga topshirishga ruxsat berilmagani bilan bogʻliq boʻlib chiqadi.

Qizigʻi, fuqaro uy xarid qilishdan oldin obyektning kadastr hujjatini koʻrgan boʻladi. Gap shundaki, amalda, avvalo, umumiy obyekt uchun kadastr pasporti shakllantirilgan. Undan soʻng obyektni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va boshqa talablar tekshirilgani bois, koʻp qavatli uy qurib bitkazilganidan keyin ham foydalanishga topishirishni rad etish holatlari koʻp kuzatilgan. Yaʼni uyning kadastr hujjati bor, ammo hali davlat roʻyxatidan oʻtmagan. Odamlar esa ana shu kadastrga ishonib, uy xarid qilgan. Bordi-yu obyektda noqonuniy qurilish amalga oshirilgan boʻlsa, umuman roʻyxatdan oʻtmasligi ham mumkin. Bundan esa tadbirkor ham, fuqarolar ham zarar koʻradi. Ayni kunga qadar minglab yurtdoshlarimiz kadastr hujjatini ololmay, sarson boʻlib yurgani boisi shunda.

Bunday holatlarga chek qoʻyish, qolaversa, koʻp qavatli uylarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish maqsadida Prezidentimizning tegishli farmoni bilan yangi tizim ishlab chiqilib, 2026-yil 1-iyundan boshlab amaliyotga joriy etildi. Unga koʻra, koʻp kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish, kadastr pasportlarini rasmiylashtirish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlari UZKAD axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Endilikda koʻp kvartirali uylar uchun kadastr hujjati foydalanishga qabul qilish ruxsatnomasi berilganidan keyingina rasmiylashtiriladi. Bu keyinchalik xonadon sotib olgan kishilarga kadastrlarini shakllantirishda ham muammo boʻlmaydi degani. Foydalanishga topshirish talablariga toʻliq javob bermagan, xususan, yer uchastkasi davlat roʻyxatidan oʻtmagan obyektlar esa kadastr ololmaydi. Bu odamlarning aldanib qolish ehtimolini kamaytirib, mulkiy huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi.

— Bu tizimga ehtiyoj tobora ortib borayotgandi, — deydi Davlat kadastrlari palatasi raisi Mohir Valiyev. — Chunki keyingi yillarda koʻp kvartirali uylarni qurish koʻrsatkichlari bir necha barobar ortib, sohada tadbirkorlar sezilarli koʻpaydi. Afsuski, ularning hammasi ham qonun doirasida ish koʻrmaydi, natijada ayni yoʻnalishda koʻplab fuqarolar aldanib qolayotgani sir emas. Oʻtgan yili yurtimiz boʻylab barcha hududda noqonuniy qurilishlar boʻyicha guruhlar tuzilib, oʻrganishlar qilindi. Jarayonda qurilishga ruxsat olmasdan turib, fuqarolarga uy sotilgani va odamlar yashab kelayotgani, noqonuniy tarzda qoʻshimcha qavatlar qurilgan koʻplab holatlar aniqlandi. Birgina misol, Namangan viloyatida 100 ta xonadonli 2 ta koʻp qavatli uy qurilgan va u yerda 250 ta oila yashayapti. Lekin obyekt hali foydalanishga qabul qilinmagan, odamlarning kadastr hujjati yoʻq. Yaʼni ular bu uylarda roʻyxatdan oʻtmasdan yashab kelyapti. Bunday misollar koʻp va ularning yechimi sifatida soha raqamlashtirib borilyapti. Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-fevraldagi “Aholini uy-joy bilan taʼminlash ishlarini jadallashtirish va koʻp kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan shaffof va soddalashtirilgan yangi axborot tizimi ishga tushirildi. Shu asosda “Koʻp kvartirali uy” yagona reestri ham ishlab chiqildi. Unda har bir obyektning maʼlumotlar bazasi shakllantirilib, bitta axborot tizimiga kiritiladi.

Tartibi qanday?

Demak, endi koʻp kvartirali uylarni foydalanishga qabul qilish toʻliq raqamli tizim orqali soddalashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Jarayon besh bosqichdan iborat. ­Dastlab qurilish ishlarini yakunlagan quruvchilarning arizalari my.gov.uz portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi va avtomatik ravishda UZKAD tizimiga yuboriladi. Yangi tartibga koʻra, koʻp kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi avval davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlishi shart. Bu talab qurilish va mulkni rasmiylashtirish jarayonlarining qonuniyligini taʼminlashga xizmat qilishi aytilmoqda.

Arizaga ilova qilinadigan boshqa hujjatlar ham toʻliq boʻlishi kerak. Aks holda, ariza rad etiladi. Shuningdek, tasdiqlangan lo­yiha hujjatlaridan chetga chiqilgan, qoʻshimcha qavatlar yoki kvartiralar qurilgan, umumiy mulklar koʻrsatilmagan hamda yer uchastkasi chegarasidan tashqarida qurilmalar mavjud boʻlgan holatlar ham ariza rad etilishiga sabab boʻladi. Avvallari arizani rad etish holatlari kadastr hujjatlari shakllantirilganidan keyin boʻlgan. Endi ana shu jarayon ketma-ketligi oʻzgartirilib, kadastr pasporti berishdan oldingi holatga oʻtkazildi. Yaʼni koʻp qavatli uy foydalanishga topshirish talab­lariga toʻla javob bermasa, unga kadastr hujjati rasmiylashtirilmaydi. Ammo arizaning rad etilishi obyekt mutlaqo foydalanishga yaroqsiz ekanini anglatmaydi. Quruvchi kamchiliklarni toʻgʻrilab, qayta ariza topshirishi mumkin.

Ariza qabul qilinganidan soʻng keyingi bosqich — UZKAD tizimida raqamli inventarizatsiya amalga oshiriladi. Bunda kadastr muhandislari obyektga chiqib, yer maydoni, turar va noturar bloklar, kvartiralar hamda umumiy foydalanish joylari boʻyicha oʻlchash ishlarini bajaradi. Binolarning chizma­lari elektron xaritada aks ettiriladi va barcha maʼlumotlar yagona reestrga kiritiladi. Eʼtiborlisi, ushbu jarayonda ham ariza rad etilishi mumkin. Yaʼni loyiha hujjatlaridan tashqari qurilmalar boʻlgan hollarda jarayon toʻxtatilib, ariza rad etiladi.

Texnik inventarizatsiya toʻliq oʻtkazilganidan keyingina koʻp kvartirali uy uchun yagona kadastr pasporti shakllantiriladi. Bu jarayonning uchinchi bosqichi boʻlib, unda uy tarkibidagi barcha bloklar, kvartiralar, noturar joylar va umumiy mulklar haqidagi maʼlumotlar jamlanadi. Mutaxassislarning tushuntirishicha, hozir ushbu jarayon ham ancha soddalashtirilgan.

— Eski tartibda kvartiralar, noturar joylar va umumiy mulk obyektlari alohida hisobga olinib, har bir obyekt uchun alohida kadastr pasporti, kadastr raqami berilar edi, — deydi Mohir Valiyev. — Endi bitta bino tarkibidagi obyekt turlaridan qatʼi nazar, xususan, kvartiralar, noturar joylar va umumiy mulklar bir vaqtning oʻzida rasmiylashtirilib, yagona kadastr pasporti shakllantiriladi. Umumiy obyekt toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar bitta hujjatda jamlanadi. Bu odamlar uchun ham qulay, bir nechta hujjatni koʻzdan kechirishiga toʻgʻri kelmaydi, barcha parametrlar bilan bitta kadastr pasporti orqali tanishadi.

Jarayonning toʻrtinchi bosqichida hujjatlar elektron tarzda Qurilish nazorati inspeksiyasiga yuboriladi. Inspeksiya tomonidan obyektni foydalanishga qabul qilish ruxsatnomasi berilgach, endi har bir kvartira, noturar joy va umumiy mulk obyekti uchun kadastr pasporti shakllantirilib, davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Yaʼni koʻp kvartirali uy barcha talablarga javob berib, foydalanishga qabul qilinganidan keyin oʻz-oʻzidan undagi xonadonlarga kadastr hujjati beriladi va odamlarni bu masala ortiqcha bezovta qilmaydi. Qolaversa, yangi tizim ishga tushishi natijasida maʼlumotlarning turli platformalarda alohida yuritilishi, ortiqcha qogʻozbozlik va inson omili bilan bogʻliq nomutanosibliklar bartaraf etiladi.

Barcha maʼlumotlar yagona tizimda

Davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida obyekt­ning har bir qismi hisobga olinadi. Hatto endilikda koʻp qavatli uylardagi umumiy foydalanishdagi joylar, xususan, kirish yoʻlak­lari, liftlar ham uy-joy mulkdorlariga davlat roʻyxatidan oʻtkazib beriladi. Avvalgi tartibda ularning huquqiy egasi belgilanmagan. Umumiy mulk uchun kadastr pasporti shakllantirilmagan. Natijada ularning hisobi ham yuritilmagan.

— Bu omil maʼlumotlarni yigʻish va rasmiylashtirishda ayrim noaniqliklarni yuzaga keltirib chiqarayotgandi, — deydi M.Valiyev. — Chunki eski tizimda umumiy mulkdagi joylar nazarda tutilmagan, ularni kimga rasmiylashtirish boʻyicha aniq mexanizm qilinmagan. Yangi tizimdagi yangiliklardan biri esa ayni shu jihat bilan bogʻliq. Endi koʻp kvartirali uylardagi har kvadrat metr joyning aniq egasi, hisobi boʻladi. Sohada toʻliq raqamlashtirishga oʻtib borilayotganining boisi ham shunda.

Koʻp kvartirali uy va uning tarkibidagi barcha obyektlar yagona tizimda toʻliq hisobga olinadi. Turar va noturar joylardan tortib, umumiy mulk va avtoturargohlarning barchasi haqidagi maʼlumotlar bitta markazlashgan baza — UZKAD axborot tizimi orqali yuritiladi. Aniq maʼlumotlar bazasining shakl­lantirilishi tizimdagi ochiqlik va qonuniylikni taʼminlash, fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoyalashga xizmat qiladi.

Yangi tizimni joriy etishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu — yurtdoshlarimizning uy-joy xarid qilishda aldanib qolmasliklari, qonuniy huquqlari kafolatlanishi, oʻz uylariga ega chiqish uchun yillab sarson boʻlmasliklari kerak. Muammo kadastr yoki qurilishda boʻlishidan qatʼi nazar, bu odamlar huquqlari va tinchligiga daxl qilmasligi zarur. Yangi tizim ayni jihatga xizmat qiladi.

Endi koʻp qavatli kvartiralar quruvchilariga kadastr hujjatlarini olish oson boʻlmaydi. Bu baʼzi tadbirkorlarga yoqmasligi mumkin. Ammo halol ishlaydigan quruvchilar uchun bu muammo emas, aksincha, shaffof va raqamli tizim anchagina qulaylik tugʻdiradi. Ularni ortiqcha vaqt va ovoragarchilikdan xalos qiladi.

Shunday qilib, joriy yil 1-iyundan koʻp qavatli uylarni foydalanishga topshirish boʻyicha arizalarni yangi tartibda qabul qilish boshlandi.        

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri