Forumning mantiqiy davomi sifatida Fargʻona davlat universitetida “Doʻstlik stellasi – qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va strategik sheriklik ramzi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi.
Anjumanda soha vakillari, olimlar, talaba-yoshlar hamda xorijiy mehmonlar ishtirok etmoqda.
Tadbirda mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan orqali doʻstlik aloqalarini mustahkamlash, oʻzaro ishonch va strategik sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda soʻzga chiqqan Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodir Shermuhammadov mazkur forumning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi:
«Bugun biz shunchaki ilmiy-amaliy konferensiya emas, balki qalbimizni quvontiruvchi ulugʻvor bir qardoshlik tantanasi guvohiga aylanmoqdamiz,» dedi rektor.
Rektor taʼkidlaganidek, “Doʻstlik stellasi” nafaqat meʼmoriy inshoot, balki xalqlar oʻrtasidagi koʻp asrlik tarixiy, madaniy va maʼnaviy yaqinlik, oʻzaro hurmat va ishonchning yorqin timsolidir. Uning fikricha, bu kabi tashabbuslar mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, anjumanda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq va uzoqni koʻzlagan siyosat natijasida qoʻshni va hamkor davlatlar bilan munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani qayd etildi. Taʼkidlanishicha, bugun mintaqada devorlar emas, balki ishonch koʻpriklari barpo etilmoqda.
Konferensiya doirasida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Tadbir ishtirokchilari fikricha, “Doʻstlik stellasi” kelajak avlodlar uchun ham doʻstlik va hamjihatlik ramzi boʻlib xizmat qiladi.