Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti jamoasining xalqaro hamkorlik aloqalari aynan mana shunday dolzarb vazifalarni hal etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning 12-17 iyul kunlari institut vakillaridan iborat delegatsiya Polshada xizmat safarida bo‘lib qaytdi. Tashrif doirasida Yevropa Ittifoqida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash, agrosanoatda raqamli hamda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, oliy ta’lim sohasida o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha qator strategik kelishuvlarga erishildi.
Talabalar uchun haq to‘lanadigan xalqaro amaliyot bazasi
Delegatsiyaning dastlabki tashrif manzili xalqaro agrar kadrlar tayyorlash va mahsulot yetishtirishda boy tajribaga ega “GREEN CROPS Polska Sp. z o.o.” kompaniyasi bo‘ldi. Kompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan “AgriCool” xalqaro ilmiy-ta’lim dasturi Yevropa va Markaziy Osiyodagi oliy ta’lim ¬muassasalari talabalariga Polshada haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘rganish va xalqaro tajriba orttirish imkoniyatini beradi. Muzokaralar chog‘ida institut talabalarini Polshada ishlab chiqarish amaliyotiga jalb qilish, bitiruvchilar va professor-o‘qituvchilar uchun 6 oydan 12 oygacha bo‘lgan malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Safar davomida shu kompaniyada ishlab chiqarish amaliyotini o‘tayotgan institut talabalari bilan uchrashuv ham tashkil etildi. Institut rahbariyati talabalarning yashash va mehnat sharoitlari, ish haqi hamda xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi bilan yaqindan tanishdilar. Talabalar orttirayotgan amaliy ko‘nikmalari va zamonaviy bog‘dorchilik sirlari haqida so‘zlab berdi. Samimiy muloqotda xalqaro mehnat madaniyatini egallash va orttirilgan tajribani O‘zbekiston agroinnovatsiyalari rivojiga safarbar etish bo‘yicha maslahatlar berildi.
Delegatsiyaning “Gospodarstwo Ogrodnicze Wiktor Grochowski” bog‘dorchilik xo‘jaligiga qilgan amaliy tashrifi chog‘ida malina va qulupnay yetishtirishda yuqori texnologiyalar imkoniyatidan foydalanish afzalliklari haqida gapirildi. Xalqaro standartlar asosida ish yurituvchi ushbu xo‘jalikda agrodronlar va tomchilatib sug‘orish tizimlari, raqamli monitoring orqali o‘simliklarni oziqlantirish, avtomatlashtirilgan yig‘im-terim hamda lazerli saralash texnologiyalari keng joriy etilgan. Bu mehmonlarida katta taassurot uyg‘otdi.
Samarqandlik olimlar ushbu ilg‘or tajribalarni viloyatning intensiv bog‘dorchilik va rezavor mevachilik tarmog‘iga tatbiq etish yuzasidan aniq rejalarni belgilab oldi. Shuningdek, meva va sabzavotlarni qayta ishlovchi “GREEN FACTORY” korxonasida oziq-ovqat xavfsizligi va mahsulot kuzatuvchanligi tizimi o‘rganildi. “GREEN FACTORY” Polshada yangi uzilgan sabzavot va mevalarni qayta ishlash, saralash, yuvish, qadoqlash hamda yirik savdo tarmoqlariga yetkazib berishga ixtisoslashgan yuqori texnologiyali korxona hisoblanadi.
Korxonada barcha jarayon raqamli boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi. Tashrif ¬davomida mahsulotlarni avtomatik saralash bo‘yicha robotlashtirilgan qadoqlash liniyalari, mahsulotlar sifatini lazer orqali nazorat qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash tizimi hamda mahsulotlarning to‘liq kuzatuvchanlik tizimi bilan tanishildi.
Yuqori haroratga chidamli makkajo‘xori hamda soya navlari sinovdan o‘tkaziladi
Xizmat safari davomida Polsha va Germaniya hamkorligida tashkil etilgan mashhur “FARMSAAT Saatzucht GmbH” seleksiya kompaniyasi bilan ham muhim kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va yuqori haroratga chidamli makkajo‘xori hamda soya navlari Samarqanddagi tajriba maydonlarida sinovdan o‘tkaziladi.
Tashrifning so‘nggi kunida O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi elchixonasi va Polsha — Osiyo Savdo sanoat palatasi vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda institut talabalari, magistrant va doktorantlarining Polshaning yetakchi olmachilik va intensiv bog‘dorchilik xo‘jaliklarida amaliyot o‘tash imkoniyatini kengaytirish, O‘zbekistonda istiqbolli olma navlari genetik resurslarini saqlashga qaratilgan “gen banklari”ni tashkil etish bo‘yicha dastlabki hamkorlik loyihalari belgilandi.
Besh yillik memorandum imzolandi
Ilm-fan va ta’lim integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Titsianov davlat amaliy fanlar universiteti jamoasi bilan uchrashuv o‘tkazilib, muzokaralar yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida besh yilga mo‘ljallangan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik almashinuvi (“Erasmus+”, “Horizon Europe”, “NAWA”), ikki tomonlama qo‘shma diplom berish dasturlarini (Double Degree) ishlab chiqish, yozgi va qishki maktablar, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishga kelishildi.
Shuningdek, institut delegatsiyasi “Zamonaviy qishloq xo‘jaligida sifat tizimlari: amaliy nuqtayi nazar” mavzusidagi IV xal¬qaro ilmiy konferensiyada faol ishtirok etdi. Institutimiz olimlarining O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi va agrar ta’limni modernizatsiya qilish mavzularidagi ma’ruzalari Germaniya, Italiya, Finlyandiya kabi mamlakatlardan kelgan olimlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qolaversa, mazkur xorijlik mutaxassis-olimlar institutda joriy yil sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan ilmiy anjumanda ham ishtirok etish istagini bildirdi.
Qisqasi, institutimiz delegatsiyasining Polshaga xizmat safari shunchaki tanishuv emas, balki aniq amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Jahon standartlarini o‘quv jarayoniga integratsiya qilish, xalqaro grantlarni jalb etish va yangi navlarni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan bu kabi tashabbuslar mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini yangi raqamli va innovatsion bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Shavkat HASANOV,
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti rektori, professor
Hamkorlik materiali