Muhtasham majmuani kelib koʻrayotgan yurtdoshlarimiz quvonchi va iftixorini yashira olmayapti. Ayniqsa, uzoq-yaqindan kelgan sayyohlarning koʻzidagi hayrat va eʼtiroflar ana shu tuygʻuni chandon oshiryapti. Jamiyat birdamligida esa umumiy iftixor tuygʻusi hal qiluvchi kuchga ega. Zero, u tarixiy birdamlikni eslatib, umumiy kelajakka katta ishonch beradi. Shu maʼnoda, Islom sivilizatsiyasi markazi oʻzining birlamchi vazifasini bajarib, jamiyatimizda birdamlik ruhini yanada kuchaytirdi.

Megaloyihadan koʻzlangan yana bir maqsad ajdodlarimiz tarannum etgan maʼrifatni dunyoga tanitish edi. Ayni paytda ularga munosib avlod boʻlib, ilm-maʼrifatda yetakchilik qilishga intilishimiz zarur. Buning uchun yoshlarni shu ruhda kamol toptirish, Islom sivilizatsiyasi markazining imkoniyatlaridan toʻliq va samarali foydalanishimiz kerak. Uning ilmiy bazasi bilan bir paytda har bir chizigʻi, naqshi, muzeydagi eksponatning mazmun-mohiyatini oʻrganish va xalqimizga yetkazib berishimiz lozim.

Davlatimiz rahbari markazni ochib berish marosimida bunday dedi: “Bu ulkan loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu va armonlar chizgan. Qurʼoni karim saqlanadigan muqaddas zal ham shunchaki yaratilgan emas. U yurakdan tugʻilgan, xalqimizning ­orzu-intilishlari va buyukligini namoyon etish istagidan paydo boʻlgan maskandir. Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini roʻyobga chiqarishga qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir”.

Markaz imkoniyatlari, mazmun-mohiyatini uning yuragi deya atalgan Qurʼoni karim zali misolida tushuntirsak, ushbu zalda Usmon Musʼhafi munosib oʻrin egalladi. Mazkur qoʻl­yozma atrofida somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitob nusxalari va ularning eski oʻzbek yozuvidagi maʼnolar tarjimasi qoʻyilgan. Necha asrlar oldin koʻchirilgan ushbu kitoblarning har biri qogʻozi, boʻyogʻi, muqovasi bilan ajralib turadi. Diyorimizda kitobat sanʼati qanchalik yuksalganidan dalolat beradi. Masalan, ular orasida oltin suvi yuritilgan kitob ham bor. Bu yerda gap oltinning qiymatida emas! Balki oʻsha paytda aniq fanlar, xususan, kimyoning qanchalik rivoj topgani haqida!

Uni tayyorlash, zarhal bitikni yaratish yuksak bilim, sabr va bardosh talab etadi. Uning asrlar davomida asliyatini yoʻqotmasligi esa ajdodlarimiz oʻz ishini qanchalik puxta bilganidan dalolat. Shu murakkab jarayonni jamiyat hayotiga ham oʻxshatish mumkin. Qogʻoz va oltinni bir-biriga jipslashtirish sanʼatini mamlakatimiz yetakchisining iqtisodiy taraqqiyot bilan birga maʼrifiy yuksalishni ham barobar olib borishiga oʻxshatish mumkin.

Shu maʼnoda, markazga kirganimizda uning maʼrifatidan bahra olishimiz tabiiy va zarur. Bu inson qalb koʻzi ochiqligidan dalolat. Ayni paytda bu maʼrifat qayerdan, qanday quvvat olgani haqida ham fikr yuritishimiz lozim. Albatta, uning zamirida ajdodlarimiz zakosi mujassam. Shu bilan birga, aniq va ijtimoiy fanlarni oʻzida jamlagan yuksak intellektdan kuch olgan. Buni diyorimizda rivoj topgan kitobat sanʼati misolida ham koʻrish mumkin.

Markazning ochilishida Prezidentimiz mamlakat ziyolilari oldiga yana bir muhim vazifa, yaʼni mazkur markazni xalqimizga, butun dunyoga tanitish, uning mazmun-mohiyatini ochib berish masalasini qoʻydi. Bu topshiriqni hozirgi kunimiz uchun eng muhim vazifa deb bilaman. Masalan, kasbimiz taqozosi tufayli malaka oshirishga kelgan imom-xatiblar bilan bir necha bor markazga bordik. Ular markazdan juda katta taassurot olib chiqdi. Dinimiz, tariximizga koʻrsatilgan ehtiromdan qalblar ravshan tortdi. Davlatimiz rahbarining targʻibot masalasidagi chaqirigʻidan soʻng oʻylay boshladim: biz ularga Islom sivilizatsiyasi markazi mohiyatini toʻliq tushuntiroldikmi? Boy tariximizga oid eksponatlarning qadri, zarhal sahifa yaratishday mashaqqatli mehnat ortidagi ilm va hunarni anglab, teran his etishiga oz boʻlsa ham zamin yarata oldikmi? Nazarimda markazga mana shunday savollar bilan qayta-qayta kelish, uni bor boʻy-basti bilan yana koʻp marta oʻrganish zarur deb hisoblayman. Ana shu sababdan ham institutimizning Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik dasturi ishlab chiqildi va unda bu boradagi barcha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha institutimizdagi oʻquvlarga jalb qilinadigan tinglovchilar uchun baʼzi dars mashgʻulotlarini bevosita Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil qilish ham ana shu sohadagi intilishlarimizga yordam berishi shubhasiz.

Bugun yoshlarimiz orasida oʻqib-oʻrganishga ishtiyoq nihoyatda kuchli. Buni xalqaro darajadagi yutuqlar misolida ham koʻrib turibmiz. Ana shu ragʻbatni yanada jonlantirish, uni maʼrifat, vatanparvarlik ruhi bilan kuchaytirishda markazning oʻrni va ­ahamiyati katta. Sodda qilib aytganda, markaz Uchinchi Uygʻonish davrining poydevoridir. Ha, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faqat xalqimiz buyukligining timsoligina emas, balki u dunyo ilm-maʼrifati yadrosidir.

Gap bilim olish haqida ketar ekan, markazning kutubxonasi haqida ham alohida toʻxtalish zarur. Markaziy Osiyoda oʻxshashi yoʻq ushbu kutubxona eng zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan. Hozir uning fondida 45 ming 150 tadan ziyod adabiyot bor. Bu juda katta ilmiy zaxira degani. Ayniqsa, kitoblarning 2609 tasi nodir manbalardan iborat ekani ziyo maskanining ilmiy qiymatini yanada oshiradi. Bundan tashqari, kutubxonada 350 mingta elektron adabiyot ham bor. Ulardan foydalanish uchun esa nihoyatda zamonaviy va qulay muhit yaratilgan. Buni kutubxonaning bir vaqtning oʻzida 310 foydalanuvchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega ekani ham tasdiqlaydi. Umuman, markaz kutubxonasida ilm kishilari uchun barcha zarur sharoit bor. Masalan, olimlar va professorlar uchun alohida 4 ta xona tashkil qilingan. Ularda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish uchun barcha zamonaviy texnika va qulayliklar mavjud.

Kutubxonadan Yevropa nodir nashrlari ham oʻrin olgan. Ularda ham tariximiz aks etgan. Xususan, turkiy xalqlar tarixi, Sharq xalqlariga oid ensiklopediyalar, Xuroson va Movarounnahrga bagʻishlangan sayohatnomalarning XX asrgacha boʻlgan davrda chop etilgan nusxalari bor. Shuningdek, Nosiruddin Rabgʻuziyning “Qisasul anbiyo” asari, Alisher Navoiyning XIX asr boshlarida Toshkentda koʻchirilgan devonlari, Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining turkiy tildagi tarjimalari kabi nodir nashrlar ham bor. Ahamiyatlisi, ushbu qoʻlyozmalar shaxsiy kolleksiyalardan xarid qilingan.

Shaxsiy kolleksiyadagi nodir asarlarni xarid qilish aytishgagina oson. Buning nechogʻliq mashaqqatli mehnat va izlanish, mehr va eʼtibor talab etishini shu sohaga ozgina boʻlsa ham qiziqqanlar yaxshi anglaydi. Shu oʻrinda yana bir jihatga eʼtibor qaratish zarur. Mamlakatimizda ilm-maʼrifatga ­eʼtibor tufayli markaz noyob manbalar bilan boyib bormoqda. Bundan faxrlanish, quvonish va uning ahamiyatini barchaga yetkazish — birlamchi vazifamiz. Ammo ushbu imkoniyatlardan keng foydalanish yana bir muhim missiyamiz. Bu manbalarni oʻqib-oʻrganish, tadqiq etishda imkoniyatlarga munosib harakat qilishimiz zarur.

Aytilganidek, ushbu megaloyiha uzoqni koʻzlab, aniq reja asosida bunyod etildi. Tarhini chizishdan tortib, har bir eksponati, bezagigacha boʻlgan barcha jarayonda milliy oʻzligimiz asosida zamonaviy va betakror arxitekturaga eʼtibor berilgan. Markaz atrofida ham chinakam milliy ruh va milliy qiyofadagi sharqona shaharcha barpo etildi.

Majmuada yurtimizning uch ming yillik tarixidan soʻzlaydigan sivilizatsiya durdonalarini va yangi Oʻzbekistonning soʻnmas qudratga aylanib borayotgan buguni va ertasini koʻrish, his qilish mumkin. Bu xalqimizning intellektual va madaniy salohiyatini yaqqol anglash imkoniyati demak. Mamlakatimiz yetakchisi ana shunday keng koʻlamdagi ahamiyatga ega megaloyihaga asos soldi. Bizning galdagi vazifamiz esa shunga munosib boʻlish, yoshlarga ushbu markaz timsolida zamonaviy ilm-fan asosidagi maʼrifatni yetkazib berishdir.

Husniddin AHMEDOV,

Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi

Diniy-maʼrifiy sohada malaka oshirish

va qayta tayyorlash instituti direktori,

siyosiy fanlar doktori, professor