Binobarin unda 2030 yilgacha tizim ilmiy salohiyatini birlashtirish, ilmiy klasterlar tashkil etish, oliy taʼlim muassasalarining akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqilligini kengaytirish orqali Oʻzbekistonni mintaqadagi taʼlim hamda ilm-fan markaziga aylantirish kabi ustuvor maqsadlar aniq belgilab berildi.
Farmonning eng muhim
jihati shundaki, u oliy taʼlimni tarbiya, ilmiy izlanish, innovatsion mahsulot yaratish,
bilimni iqtisodiy qiymatga aylantirish va boshqaruv sifati bilan chambarchas bogʻliq
yaxlit ekotizim sifatida talqin qiladi. Hujjatda ilgari surilgan “5T” tamoyili
— taʼlim, tarbiya, tadqiqot, tijoriylashtirish va tizimni takomillashtirish — aynan
shu yangi falsafaning ifodasidir. Bu yondashuv, aslida, universitetlarning butun
missiyasini qayta koʻrib chiqishni anglatadi: endi oliy taʼlim muassasasi shunchaki
kadr tayyorlaydigan maskan emas, balki ijtimoiy tafakkur, ilmiy gʻoya, texnologik
yechim va iqtisodiy oʻsish manbai boʻlishi kerak.
Natijaga
ishlaydigan model
Bugun dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Global raqobatda tabiiy emas,
intellektual resurslar ustun chiqmoqda. Qaysi mamlakatda kuchli taʼlim boʻlsa,
oʻsha yerda kuchli iqtisodiyot, zamonaviy sanoat, ilgʻor boshqaruv va yuqori
fuqarolik madaniyati shakllanadi. Shu nuqtayi nazardan, farmon Oʻzbekiston oliy
taʼlimini zamonaviy dunyo standartlariga moslashtirishning izchil va mantiqiy
davomi boʻldi. Endi tizimda natija uchun masʼuliyat ortadi. Oliy taʼlim muassasalari
faoliyati aniq indikatorlar, milliy va xalqaro koʻrsatkichlar, ilmiy
salohiyat, taʼlim sifati, bitiruvchi tayyorlash darajasi va boshqaruv
samaradorligi asosida baholanadi. Bu esa universitetlarni tabiiy ravishda
yangilanish, ichki safarbarlikni kuchaytirish, sogʻlom raqobat muhitida
ishlashga undaydi.
Ayniqsa, farmonda
2027-yildan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari milliy reytingini joriy etish,
reyting natijalariga qarab tabaqalashtirilgan ragʻbatlantirish mexanizmlarini
qoʻllash, har bir talaba uchun bazaviy xarajatlarni koʻrsatkichlarga qarab
shakllantirish kabi yondashuvlarning belgilanishi alohida ahamiyatga ega. Bu,
bir tomondan, mablagʻ taqsimotida shaffoflikni kuchaytirsa, ikkinchi tomondan,
“kim yaxshi ishlasa, koʻproq imkoniyatga ega boʻladi” degan adolatli mezonni
tizimga olib kiradi. Oliy taʼlim sifatini oshirishda aynan mana shunday
iqtisodiy ragʻbat va institutsional javobgarlik uygʻunligi eng samarali
vositalardan biridir.
Ilmiy
klasterlar — davrning asosiy talabi
Farmonning yana
bir muhim jihati ilmiy tadqiqot universitetlari va ilmiy klasterlar tizimini rivojlantirishga qaratilganidir.
Hujjatga koʻra, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha tanlov asosida gʻolib boʻlgan
oliy taʼlim muassasalariga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilishi, mahalliy
hamda nufuzli xorijiy oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda
yaxlit ilmiy-taʼlimiy tizimlar shakllantirilishi koʻzda tutilgan. Mazkur
yondashuvning mohiyati juda chuqur: universitet endi auditoriya bilan
laboratoriya, laboratoriya bilan ishlab chiqarish, ishlab chiqarish bilan bozor
oʻrtasidagi zanjirni bogʻlaydigan markazga aylanishi kerak. Bu, eng avvalo,
ilm-fanning amaliy samaradorligini oshiradi. Yillar davomida koʻplab
mamlakatlarda bir muammo kuzatildi: ilmiy maqola bor, lekin amaliy mahsulot
yoʻq; dissertatsiya bor, lekin ishlab chiqarishga kirib borgan yechim yoʻq.
Farmon aynan shu uzilishni bartaraf etishga qaratilgan. Chunki unda
tadqiqotning natijasi faqat himoya qilingan ilmiy ish yoki chop etilgan maqola
emas, balki real iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik samaraga aylanishi kerakligi
sezilib turadi.
Shu maʼnoda, farmon oliy taʼlim sohasini yangi bosqichga olib chiqadigan
eng muhim hujjatlardan biridir. Chunki unda ilm “sarflanadigan xarajat” oʻrniga
“kelajak qiymatini yaratuvchi investitsiya” sifatida koʻrilyapti.
Taʼlim
diplomatiyasi
Farmonda oliy taʼlimni xalqaro maydonga olib chiqish masalasiga ham katta
urgʻu berilgan. Xususan, oliy taʼlimni rivojlantirish va global markaz tashkil
etish, shuningdek, “Study in Uzbekistan” platformasi orqali chet el
fuqarolarini Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga keng jalb qilish, har yili
muayyan kvota asosida xorijiy talabalarni grant va stipendiyalar bilan
qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarining belgilanishi mamlakatimiz taʼlim salohiyatini
eksport qiluvchi darajaga koʻtarish yoʻlidagi katta qadamdir.
Bu tashabbusning
siyosiy va maʼnaviy ahamiyati ham katta. Chunki bugun xalqaro nufuz faqat
diplomatik missiyalar yoki iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan emas, balki
universitetlar jozibadorligi bilan ham oʻlchanadi. Oʻzbekiston bugun ana
shunday taʼlim diplomatiyasining yangi bosqichiga chiqmoqda. Bu esa, oʻz
navbatida, davlatimizning ochiqlik siyosati, mintaqaviy hamkorlik va global
integratsiya strategiyasi bilan uygʻunlashadi.
Andijon davlat
chet tillar instituti kabi oliy taʼlim muassasalari uchun bu alohida masʼuliyat
yuklaydi. Chunki xorijiy talabani jalb etish, xalqaro dasturlarni kengaytirish,
qoʻshma loyihalarni rivojlantirish, taʼlim sifatini dunyo mezonlariga
moslashtirish, avvalo, til, muloqot, akademik madaniyat va xalqaro boshqaruv
kompetensiyalariga tayangan holda amalga oshiriladi. Demak, mazkur farmon oliy
taʼlim muassasalari jamoasidan ichki intizomdan tashqari global fikrlash,
xalqaro akademik maydonda oʻz oʻrnini belgilashni talab qiladi.
Raqamli
boshqaruv va sunʼiy ongga moslashuv
Farmonga binoan,
Raqamli taʼlim va sunʼiy intellektni rivojlantirish markazi tashkil etiladi. Bu
nega kerak? Zamonaviy OTMni faqat oʻquv binosi va auditoriyalar bilan tasavvur
qilib boʻlmaydi. U, eng avvalo, raqamli boshqaruv, tezkor tahlil, toʻgʻri qaror
qabul qilish, maʼlumotlar asosida strategiya ishlab chiqish va individual
taʼlim trayektoriyalarini boshqarish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Sunʼiy
intellekt, katta maʼlumotlar, raqamli monitoring va integratsiyalashgan axborot
tizimlari bugun boshqaruv madaniyatining mezoniga aylanmoqda.
Aynan shu jihatdan farmon oliy taʼlimni “kechagi model” bilan boshqarish davri tugayotganini koʻrsatadi. Endi universitetni samarali boshqarish uchun rektor, prorektor, dekan yoki kafedra mudiri faqat maʼmuriy tajribaga emas, balki strategik koʻrish, maʼlumot bilan ishlash, xalqaro mezonlarni anglash va raqamli transformatsiya boʻyicha ham chuqur tushunchaga ega boʻlishi kerak. Bu esa oliy taʼlim boshqaruvi madaniyatida ham tub yangilanish boshlanayotganini anglatadi.
Mablagʻ emas, samaradorlik markazda
Farmondagi moliyalashtirishga oid yangiliklar ham alohida eʼtiborga
molik. Unga koʻra, oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha resurslar ajratiladi. Joriy yilda respublika byudjetidan 20 milliard soʻm,
2027-yildan boshlab esa har yili 70 milliard soʻm mablagʻ Oliy taʼlim
muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi. Bundan tashqari,
davlat grantlarini filiallar va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga ham
raqobatli mexanizm asosida taqsimlash tartibi belgilangan.
Bu nimani anglatadi? Avvalo, oliy taʼlimda yangi moliyaviy tafakkur
shakllanayotganini anglatadi. Tizim endi faqat markazdan berilgan mablagʻni
oʻzlashtirish maqsadida emas, balki sifat, natija, salohiyat va strategik
ustuvorlikka koʻra resurs jalb qilish mantigʻi boʻyicha ishlaydi. Bunday model
intizom, tashabbus, aniq reja, ichki islohot va samaradorlik talab qiladi.
Lekin uzoq muddatli taraqqiyot aynan mana shunday masʼuliyatli model asosida
taʼminlanadi.
Oliy taʼlim muassasalari uchun bundan muhim xulosa shuki, endi institut va universitetlar kelajagini oʻz strategiyasi, jamoasi, ilmiy maktabi va tashabbuslari bilan belgilaydi. Bu esa mustaqillikni kengaytiradi, biroq ayni paytda javobgarlikni ham oshiradi. Mustaqillik va javobgarlik uygʻunligi boʻlmagan joyda esa haqiqiy taraqqiyot boʻlmaydi.
Hududiy OTMlar uchun tarixiy imkoniyat
Farmonning yana
bir jihati, u hududiy oliy taʼlim muassasalari uchun ham mutlaqo yangi
imkoniyatlar eshigini ochadi. Chunki ilmiy klaster, reyting, grant, xalqaro
hamkorlik, raqamli boshqaruv va xorijlik talabalar bilan ishlash kabi
mexanizmlar faqat bir nechta markaziy universitetning imtiyozi emas, balki
salohiyat va tashabbus koʻrsata olgan har qanday oliy taʼlim muassasasi uchun
ochiq maydondir. Shu jihatdan u Andijon davlat chet tillar instituti jamoasini
ham yanada faol ishlashga undaydi. Endi biz faqat xorijiy til mutaxassislarini
tayyorlash bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Zamonaviy pedagogika,
tarjimashunoslik, xalqaro kommunikatsiya, taʼlim texnologiyalari, akademik
yozuv, raqamli tilshunoslik, madaniyatlararo muloqot, sunʼiy intellekt
asosidagi til taʼlimi kabi yoʻnalishlarda ham yangi ilmiy va amaliy maktablar
barpo etishimiz lozim. Chunki bugungi oliy taʼlimning bosh mezoni zamondan
oldin yurishdir.
Farmon faqat oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasini takomillashtirish boʻyicha qabul qilingan hujjat emas. U — davlatning kelajak haqidagi qatʼiy pozitsiyasi, millatning intellektual salohiyatiga yuksak ishonchi va taraqqiyotning bilimga tayangan modelining huquqiy ifodasidir. Mamlakatimiz kelajagi bugungi auditoriyalarda, laboratoriyalarda, kutubxonalarda, ilmiy markazlarda va innovatsion maydonlarda barpo etiladi. Farmon ana shu buyuk bunyodkorlikka huquqiy yoʻl ochadi.
Dilshodbek RUSTAMOV,
Andijon davlat chet tillar instituti
rektori