“AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy va ezgu tilaklarini yetkazish men uchun katta sharafdir” – bu so‘zlarni eshitarkanmiz, qalbimizda yana bir bor faxr va mamnuniyat tuyg‘usi jo‘sh uradi. Zero, bu oddiy diplomatik uchrashuv bayoni emas, balki ikki buyuk davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik ko‘prigining yana bir pog‘onaga ko‘tarilayotganidan dalolat beruvchi tarixiy lahzadir.

Dunyoning eng nufuzli minbarlarida yurtimiz nomini sharaf bilan tilga olish, Prezidentimizning ezgu tilaklarini jahonning yetakchi davlatlari rahbarlariga yetkazish – bu nafaqat bir shaxsning, balki butun bir xalqning izzat-ikromi, uning jahon hamjamiyatidagi munosib o‘rni ekanini anglatadi. Bir vaqtlar o‘z chegaralari ichida qolib ketgan, ovozi uzoqlarga yetmagan yurtimiz bugun jahon siyosatining faol ishtirokchisiga, ishonchli hamkoriga aylanganidan har birimizning ko‘ksimiz g‘ururga to‘ladi.

Mana shu lahzada ko‘nglimdan ne – ne tuyg‘ular o‘tdi. Chunki bu so‘z shunchaki bir mamlakatning tashqi siyosati emas, balki asrlar qa’ridan oqib kelayotgan buyuk bir ma’naviyatning ifodasi edi. Bizning xalqimiz hech qachon qon to‘kish, bosqinchilik, boshqalarni yerga urish tomonida bo‘lmagan. Aksincha, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida yashab, u karvonlar bilan birga nafaqat movut va ipakni, balki ilm, hikmat va insonparvarlikni ham olib yurgan. Beruniy osmonga boqib yulduzlarni sanadi, Ibn Sino insoniyatni dardlardan xalos qilish yo‘lini izladi, Alisher Navoiy “Odami ersang demagil odami, onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami“ deb butun bashariyatga mehr – oqibatni targ‘ib qildi. Mana shu meros – ezgulik va tinchlik yo‘lidagi azaliy sadoqat – bugun jahon minbaridan baralla aytilyapti. Buni eshitib, qanday faxrlanmaslik mumkin? Qanday ko‘ngil to‘lqinlanmaydi?

Men bugun oliy o‘quv yurtiga rahbarlik qilayotgan inson sifatida bu nutqdagi har bir so‘zni o‘zimcha o‘lchab, o‘z vazifam bilan solishtirib tingladim. Ayniqsa, “Bola – davlatning eng katta mas'uliyati”, “Davlatning qudrati, avvalo, inson qadrini qanchalik himoya qila olishi bilan belgilanadi” – bu so‘zlar jahon ahliga xitob qilib aytilgan, biroq ularning eng chuqur ma'nosi bizning – ustoz va murabbiylarning kundalik hayotida ro‘yobga chiqadi. Va hayratlanarli bir uyg‘unlik yuz berdi: deyarli shu kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida pedagoglar bilan uchrashib, mana shu ulug‘ g‘oyalarni amaliy vazifaga aylantirdi. “O‘qituvchi – mehr daryosi, o‘qituvchi – ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi – ma'rifat quyoshi!" – dedi davlatimiz rahbari. Bu so‘zlarni eshitarkanman, bir umr ta'lim dargohida mehnat qilgan inson sifatida ko‘zlarim namlandi. Zero, bu – bir kasbga emas, butun bir millat vijdoniga aytilgan e'tirof edi.

Jahon minbarida yangragan “Texnologik taraqqiyotning markazida inson va uning taqdiri turishi shart” – degan haqiqat ustozlar uchrashuvida yana bir bor tasdiqlandi. Prezidentimiz haqli ravishda ta'kidladiki, bugun sun'iy intellekt bilim olish va mehnat qilish usullarini tubdan o‘zgartirmoqda. Biroq hech bir texnologiya, hech bir aqlli mashina bolaning qalbiga ustoz kabi yo‘l topib, unga Vatanga muhabbat va mas'uliyat tuyg‘usini singdira olmaydi. Mana shu haqiqat – jahon minbaridan yangragan “inson markazda” g‘oyasining eng tiniq ifodasidir. Chunki eng ilg‘or texnologiya ham, agar uni ishlatayotgan insonning go‘zal xulqi, aqlida ma'rifati bo‘lmasa, insoniyatga baxt emas, falokat keltirishi mumkin. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari umrini yoshlar kamolotiga bag‘ishlagan pedagoglarga alohida minnatdorlik bildirdi, ularning fidoyi mehnatini e'zozladi.

Uchrashuvda ta'lim va ilm-fan fidoyilariga davlat mukofotlari topshirildi. Quvonarlisi, mukofotlanganlar orasida nafaqat ustozlar, balki ta'lim rivojiga hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ham bor edi – bu esa jahon minbarida yangragan birodarlik va hamkorlik g‘oyasining amaliy ko‘rinishidir. Ta'limning barcha bo‘g‘inlaridagi ilg‘or pedagoglar uchun buyuk ma'rifatparvar Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta'sis etish taklif qilindi. Bu – o‘tmishdagi ma'rifat jafokashlariga ehtirom, bugungi ustozlarga esa yangi ilhom demakdir.

Prezidentimiz ta'limni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonni barpo etishning eng muhim bo‘g‘ini ekanini ta'kidladi. Va quyidagi raqamlar buning yorqin dalili. Keyingi o‘n yilda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar, 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod ta'lim muassasasi zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Biroq eng e'tiborli jihat shuki, davlatimiz rahbari binolardan ham muhimroq masala – o‘qitish mazmuni va sifati ekanini qayd etdi. “Biz bolalarimizni paxta dalasidan – maktab partasiga, o‘qituvchilarni – ta'lim jarayoniga qaytardik,” – dedi prezident. Mana shu bir jumlada butun bir davrning insonparvarlik mazmuni jo bo‘lgan. Chunki bola paxta dalasida emas, partada – bilim nurida kamol topishi kerak. Bu – jahon minbarida yangragan “inson qadri” g‘oyasining eng ta'sirli amaliy ifodasidir.

2018-yildan boshlangan yangi avlod darsliklarini yaratish ishi bugun o‘z samarasini bermoqda. Xorijiy tajriba o‘rganilib, 8-sinfgacha bo‘lgan darsliklar yangilandi. Birgina joriy yilda 400 nafardan ziyod mutaxassis ishtirokida 324 ta darslik qayta ishlandi. Diqqatga sazovor jihati – bu darsliklar bolalarda milliy qadriyatlar, tabiatga mas'uliyatli munosabat, raqamli va moliyaviy savodxonlik bilan birga mustaqil hamda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. 2030-yilga qadar yuqori sinflar uchun darsliklar ham yangilanadi. Biz, ustozlar, bu o‘zgarishlarning naqadar muhimligini yaxshi bilamiz: chunki tanqidiy fikrlay oladigan, o‘z fikriga ega bo‘lgan yosh – mana shu kelajagimizning haqiqiy poydevoridir.

Islohotlar natijasi o‘quvchilarimizning yutuqlarida yaqqol ko‘rinmoqda. PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilarimiz tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egalladi. Shu yilning o‘zida yoshlarimiz nufuzli olimpiadalarda 228 ta medalga sazovor bo‘ldi. Maktab davridayoq xorijiy til va fanlardan xalqaro sertifikat olgan o‘quvchilar soni 100 ming nafarga yetdi. Bu raqamlarni eshitarkanman, qalbim quvonchga to‘ladi. Zero, bu medallar, bu sertifikatlar ortida minglab ustozlarning tun-u kun mehnati, farzandlarimizning tiyraklik to‘la nigohlari, ularning yorug‘ kelajagiga bo‘lgan ishonchimiz turibdi.

Pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash ham o‘z samarasini bermoqda. Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga oshdi, maktablarda o‘qituvchi yetishmasligi uch barobar kamaydi. Bugun 40 ming muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari esa 2 ming dollardan yuqori maosh olmoqda. Bu – ustoz mehnatining qadrlanayotganining, “inson qadri” g‘oyasining aynan o‘qituvchi timsolida ro‘yobga chiqayotganining isbotidir. “Yil o‘qituvchisi” tanlovi endi bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalarini ham qamrab oladi – demak, mehr daryosining har bir tomchisi, ma'rifat quyoshining har bir nuri qadrlanadi.

Prezidentimiz kelgusi vazifalarga to‘xtalar ekan, maktab bitiruvchisi katta hayotga kasb va xorijiy tilni egallab chiqishi zarurligini ta'kidladi. Maktab direktorlariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlar uchun sharoit yaratiladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta'lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta'minlash bo‘yicha komissiya tuziladi. Iqtisodiyotning texnologik rivoji uchun matematika, fizika, kimyo va biologiyani chuqur o‘qitishga alohida e'tibor qaratiladi. Bu fanlar o‘quvchilar soni 25 nafardan oshgan sinflarda ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi – demak, har bir bolaga alohida e'tibor, alohida mehr. Milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarga 50 foiz ustama to‘lanadi, har yili ming nafar pedagog xorijda stajirovka o‘taydi, olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan ustozlar to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy toifaga ega bo‘ladi. Mana shu rag‘batlar ortida yana o‘sha g‘oya turibdi: ustozni e'zozlash – yoshning kelajagini e'zozlash demakdir.

Boshlang‘ich sinflar uchun ham fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi. Kelasi yildan 4-sinflar o‘rtasidagi tanlov g‘oliblari kompyuter bilan, ularning ustozlari esa pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi. Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabda matematika, informatika va tabiiy fanlar ingliz tilida o‘qitiladi, bu loyiha pedagoglariga 100 foiz ustama belgilanadi. Maktablar faoliyatini baholash uchun “sifat indeksi” joriy etiladi; ilg‘or maktablar o‘z tajribasi bilan boshqalarga ko‘maklashsa, ularning jamoasi 30 foiz ustama oladi. O‘qituvchilar malakasini oshirishda majburiy kurslar o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari beriladi – ya'ni ustoz o‘z natijasiga qarab o‘zi tanlaydi. Bu – pedagogning shaxsiga, uning erkiga, uning qadriga bo‘lgan hurmatning ifodasidir.

Jahon minbarida yangragan insonparvarlik g‘oyasi, ayniqsa, alohida ehtiyojga ega bolalarga munosabatda yorqin aks etadi. Ikki yilda inklyuziv sharoit yaratilgan maktablar soni qariyb besh barobar oshib, 3 ming 591 taga yetdi. Toshkentda ish boshlagan ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi tajribasi tez orada Xorazm, Jizzax, Samarqand viloyatlarida, so‘ngra barcha hududlarda joriy etiladi. Mana shu – “Davlatning qudrati inson qadrini qanchalik himoya qila olishi bilan belgilanadi” degan haqiqatning eng ta'sirchan isboti. Chunki har bir bolaning – jismoniy imkoniyati cheklangan farzandning ham – tengdoshlari bilan bir muhitda, bir mehr ostida ta'lim olishi, mana shu – chinakam insoniylik, chinakam adolatdir.

Maktabgacha ta'limda ham bog‘cha bolaning qobiliyati kashf etiladigan maskanga aylanishi zarurligi ta'kidlandi. O‘yin orqali ta'lim berishga qaratilgan dastur bo‘yicha 180 ming tarbiyachi o‘qitilmoqda, yil yakuniga qadar bu dastur 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga kiritiladi. Toshkentda YUNESKO shafeligidagi mintaqaviy markaz va Italiyaning mashhur Rejjio Emiliya markazi faoliyat boshladi. Ishli onalarni qo‘llab-quvvatlash uchun esa kelasi yil 1-yanvardan 2–3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ayollarning badal puli budjetdan qoplanadi. Mana shu nozik g‘amxo‘rliklarда ona qadri, bola qadri, oila qadri – bir so‘z bilan aytganda, inson qadri va qadriyatlarimiz yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Kasbiy ta'limda so‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga xalqaro dasturlar joriy etildi. Texnikumlarning 25 ming korxona bilan hamkorligi 100 mingdan ziyod yoshga o‘qish bilan birga daromad topish imkonini berdi. Dual ta'limda stipendiya 1 million 300 ming so‘mgacha to‘lanmoqda. Ilk bor o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasb tanlovida 170 ming o‘quvchi ishtirok etdi; eng munosiblari 2028 yilda Tokiodagi kasblar bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorlanadi. Yoshlarimizning jahon maydonida o‘z iqtidorini namoyish etishi – bu “Biz insoniyat tomonidamiz” degan buyuk shiorning amaliy ro‘yobidir.

Oliy ta'lim haqida so‘z borar ekan, mamlakatimizda talabalar soni 1 million 600 mingga yetgani, yettita oliygoh 17 ta fan bo‘yicha xalqaro reytinglarga kirgani qayd etildi. Biroq, oliy ta'lim muassasasi rahbari sifatida men Prezidentimizning adolatli tanqidini alohida mas'uliyat bilan qabul qildim. Davlatimiz rahbari universitetlardagi darsliklar mazmuni va mutaxassislar tayyorlash sifati bugungi talabga to‘liq javob bermayotganini ochiq aytdi. Bu – bizga qarata aytilgan ogohlantirish, ayni paytda ishonchning ifodasidir. Rektorlarning ta'lim sifati va natijasi uchun mas'uliyati oshiriladi. Davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a'zolarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan shakllantiriladi, kengashlar har yili kamida 50 ta darslik yaratadi, bitiruv ishlari esa iqtisodiyotning amaliy masalalariga qaratiladi.

Oliygohlarda “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tamoyili asosida dual ta'limni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Tizim kelasi yildan 75 ta, 2028- yildan barcha oliygohlarda yo‘lga qo‘yiladi. Ishga olingan talabaga to‘langan maoshning yarmini davlat qoplaydi, yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar ikkinchi kursdan davlat granti asosida o‘qiydi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiallarini mamlakatimizga jalb etish vazifasini belgiladi; muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun'iy intellekt hamda tibbiyot yo‘nalishlariga ustuvorlik beriladi. Mana shu rejalarni eshitarkanman, kelajakka bo‘lgan ishonchim yanada mustahkamlandi. Zero, bularning barchasi – bir maqsadga, yoshlarimizning yetuk, bilimli, raqobatbardosh insonlar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.

Oliy ta'lim muassasasi rektori sifatida, jahon minbaridan yangragan ezgu g‘oyalarni ham, ustozlar bilan uchrashuvda belgilangan dadil vazifalarni ham butun qalbim bilan qo‘llab-quvvatlayman. Chunki bu ikki voqea bir-birining mantiqiy davomidir: jahonga “inson qadri” haqida aytilgan so‘z o‘z yurtimizda aniq islohotlarга, aniq raqamlarga, aniq farzandlarimizning taqdiriga aylanmoqda. Biz dargohimizda yoshlarni shunchaki texnikani biladigan emas, go‘zal odobi, aqlida ma'rifati bor insonlar qilib tarbiyalashga intilamiz. Toki ertaga ular ham jahon minbarlarida o‘z yurtini sharaf bilan namoyon eta olsin, insoniyat tomonida, ezgulik tomonida tura olsin.

Prezidentimiz uchrashuv yakunida aytgan so‘zlar menga eng teran haqiqat bo‘lib tuyuldi: “Ustozni e'zozlash – bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e'zozlash deganidir.” Mana shu bir jumlada jahon minbaridan yangragan “Bola – davlatning eng katta mas'uliyati” degan g‘oya bilan bir xil tomir uriб turibdi. Chunki bolani tarbiyalaydigan – ustoz, millat kelajagini quradigan – ustoz, inson qadrini eng avval dars soatida ulug‘laydigan – yana o‘sha ustozdir.

Yuragimiz to‘la ishonch bilan aytamiz: xalqimiz va Prezidentimiz boshlagan bu ezgu ishlar – jahon minbarida yangragan haqiqat yoki maktab partasida ekilgan bilim urug‘i – albatta o‘z samarasini beradi. Ekilgan har bir urug‘ bir kun unib chiqadi, berilgan har bir mehr bir kun o‘z mevasini beradi. Biz esa – ustozlar va yoshlar – "hozirgidan ko‘ra yaxshiroq dunyo", inson qadri yuksak bo‘lgan Vatan qoldirish yo‘lida hamisha birgamiz. Zero, bizning muqaddas burchimiz – bugun partada o‘tirgan farzandlarimizni ertangi kunning yorug‘ nurlariga eltib qo‘yishdir. Shu ishonch, shu umid, shu mehr bizni oldinga yetaklaydi – insoniyat tomonida, ezgulik tomonida, bilim va kelajak tomonida!  

Bahodirjon Shermuhammadov

Farg‘ona davlat universiteti rektori