Rossiyaning mashhur stamotolik klinikalar tarmog‘i tibbiyot direktori M.Labuxin “Gazeta.Ru” bilan suhbatda rossiyaliklarni kasal tishlar va milklarning yurak, miya va umuman organizmga jiddiy salbiy ta’siri haqida ogohlantirdi.
Labuxinning so‘zlariga ko‘ra, parodontit kabi milk kasalliklari insult, gipertoniya va aterosklerozga olib kelishi mumkin. Bunga asosan og‘iz bo‘shlig‘idan qonga o‘tgach, butun organizmga tarqaladigan bakteriyalar sabab bo‘ladi.
“Umuman olganda, bakteriyalar tanaga ovqat chaynash yoki tish tozalash jarayonida tushadi. Lekin, sog‘lom odamda immunitet ularni tezda zararsizlantiradi. Yillar davomida yallig‘langan milklarga bakteriyalar tez-tez hujum qilib, patologiyalarni keltirib chiqaradi”, – deya tushuntirdi shifokor.
Bakteriyalar hujumiga javoban tomir devorlari yallig‘lana boshlaydi va bu butun organizmda kuchayadi. Shunday qilib, og‘iz infeksiyasi qon tomirlarni yemiradi va yurak bilan bog‘liq jiddiy muammolar xavfini oshiradi.
Bundan tashqari, tish va milklar muntazam og‘rib turishi tufayli odam ovqatni yaxshi chaynay olmaydi va oshqozon hamda ichaklar bir necha barobar ko‘proq ishlashga majbur bo‘ladi. Bu esa ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolarga olib keladi. Natijada gastritni yillar davomida tabletkalar bilan davolash mumkin, ammo buning sababi parodontit bo‘lib chiqadi, deb ta’kidladi Labuxin lenta.ru saytida.