Bu haqda Nobel qoʻmitasi xabar berdi.
Olimlar asimmetrik organik sintezda chiziqli boʻlmagan effektlar va avtokataliz hodisasini kashf etgani uchun mukofotga sazovor boʻldi.
Nobel qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, baʼzi molekulalar bir-birining oynadagi aksi kabi ikki xil shaklda mavjud boʻladi. Masalan, aminokislotalarning ham shunday ikki shakli bor. Biroq tirik organizmlarda asosan ulardan faqat bitta shakl uchraydi. Bu hodisa gomoxirallik deb ataladi.
Olimlar uzoq vaqt davomida tabiatda molekulalarning aynan bitta shakli nima uchun ustunlik qilishiga javob izlab kelgan. Oddiy kimyoviy reaksiyalarda esa odatda har ikki shakl ham deyarli teng miqdorda hosil boʻladi.
Anri Kagan 1986-yilda kimyoviy reaksiyalarni boshqarishning yangi usulini kashf etdi. Bu usul molekulalarning bir shaklini ikkinchisiga nisbatan ancha koʻp miqdorda olish imkonini berdi.
Kenso Soai ushbu tadqiqotlarni davom ettirib, 1995-yilda muhim natijaga erishdi. 2003-yilda esa molekulalarning ikki shaklidan faqat bittasini hosil qilish imkonini beruvchi kimyoviy reaksiyani namoyish etdi.
Nobel qoʻmitasiga koʻra, olimlarning kashfiyotlari molekulalarning kerakli shaklini olish jarayonini boshqarish imkonini berdi. Bu, xususan, dori vositalarini ishlab chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Mukofotning umumiy miqdori 12 million shved кронасини tashkil etadi. Mablagʻ ikki olim oʻrtasida teng taqsimlanadi.