Korrupsiyaga qarshi qaratilgan jamoatchilik nazoratining yangi institutsiyaviy tuzilmalarni rivojlantirish hamda tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarini yaratish demokratik davlatlar uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonunchilikning o‘rni xususida so‘z borganda, mohiyatan bizgacha bo‘lgan tadqiqotchilarning jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini mazmunan uch guruhga ajratish borasidagi qarashlarni rivojlantirish maqsadga muvofiq.
Birinchi guruhga umumiy asoslarini belgilab beruvchi konstitutsiyaviy asoslarini, ikkinchi guruhga, jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi institutlarining faoliyatiga oid qonun hujjatlarini kiritish, uchinchi guruhga boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlangan, jamoatchilik nazoratiga bevosita oid normalarni ajratish mumkin.
Konstitutsiyaning 36-moddasi jamoatchilik nazorati institutining konstitutsiyaviy asoslarini e’tirof etgan, unga asosan “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi. Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi”.
Jamoatchilik nazoratiga oid huquqiy asoslarni belgilovchi qonun hujjatlarining ikkinchi guruhi jamoatchilik nazoratining subyektlari hisoblangan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari to‘g‘risidagi normativ hujjatlarda subyektlarning jamoatchilik nazoratini olib borishi bo‘yicha vakolatlari mustahkamlangan.
Jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslarini o‘zida ifodalagan ikkinchi guruhga kiruvchi qonunlar ichida O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonuni (2019) alohida o‘rin tutib, mazkur qonunda jamoatchilik nazoratini olib borishning mexanizmi ham ko‘rsatilgan.
Jamoatchilik nazorati instituti qonunchiligining uchinchi guruhiga turli mazmun va yuridik kuchga ega bo‘lgan qonunlar va qonun osti hujjatlari kiradi.
Mazkur manbalarda tegishli subyektlarning yoki tegishli masala bo‘yicha jamoatchilik nazoratining amalga oshirilishi haqida biron-bir maxsus norma mustahkamlanmagan, jamoatchilik nazoratni olib borish tartibi ko‘pincha ko‘rsatilmagan. Boshqacha qilib aytganda, jamoatchilik nazoratiga oid normalar ushbu qonun hujjatlarida hanuz “sochilgan” holda mavjud.
Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonunchilikning mazmuni va shaklini tahlil etish davomida shuni alohida qayd etish kerakki, ma’lum bir sohada yoki muayyan bir masala bo‘yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga oid maxsus qonun osti hujjati qabul qilish amaliyoti ham shakllangan. Jamoatchilik nazorati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasida davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining asosiy prinsiplari mustahkamlangan.
Jamoatchilik nazoratining demokratik prinsiplar negizida amalga oshirilishi, bir tomondan, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlariga o‘z vakolatlari, huquqiy maqomi doirasida harakatlanish imkonini bersa, ikkinchi tomondan teng, erkin hamda qonun asosida faoliyat yuritishini kafolatlaydi. Jamoatchilik nazorati subyektining yoxud uni amalga oshirishga jalb qilingan mutaxassisning jamoatchilik nazoratini amalga oshirishida manfaatlar to‘qnashuvi yuz bersa, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Taklif etilayotgan prinsipning qonunlashtirilishi va amaliyotga joriy etilishi jamoatchilik nazoratining yanada ta’sirchan va samarali bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilgan bo‘lar edi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda adolatli fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan sharoitda dunyo bo‘ylab fuqarolik jamiyatining korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali ishtirok etishi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati muvaffaqiyatining asosi ekanligi ilmiy asoslantirish va korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazoratining nazariy jihatlari kompleks tadqiq etish lozim.
Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati institutining o‘rni, mazmun-mohiyati, huquqiy asoslari, tashkil etish va amalga oshirish mexanizmlari, mazkur sohadagi xorijiy davlatlar tajribasi va xalqaro standartlar, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish yo‘nalishlarining ilmiy tahlili shundan iboratdir.
Korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazorati korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini xolis baholash, mazkur tizimni takomillashtirish choralarini taklif etish, korrupsiyaning darajasini kamaytirishda davlat organlari bilan yonma-yon hamkorlik qilish zaruriyati bilan izohlanadi. Davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratidan farqli o‘laroq, korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazorati vakolatli mutaxassis yoki ixtisoslashgan tashkilotlarning jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan jamoatchilik muhokamasi, eshituvi, monitoringi, jamoatchilik ekspertizasi kabi shakllardan foydalangan holda amalga oshiriladigan maxsus faoliyatidir. Korrupsiyaga qarshi jamoatchilik nazoratini tashkil etish va amalga oshirish shakllari, tartib-taomillari, uslublari hamda rasmiylashtirishni tartibga soluvchi normativ hujjatni ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Sh.Nazarov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Davlat boshqaruvi sho‘basi mudiri