Maxsus komissiya Jahon meteorologiya tashkilotining Chang-qum bo‘ronlari bo‘yicha Pekin mintaqaviy markazi hamda O‘zgidromet prognozlariga asoslanib bugun Toshkent shahri hududida nam havo massalari kirib kelishi oldidan qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkinligi borasida ogohlantiradi.
Prognozlarga ko'ra, kun davomida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol tezligi 5–10 m/s gacha, ayrim hududlarda esa 13–18 m/s gacha kuchayishi ehtimoli mavjud. Kuchaygan shamol fonida ayrim joylarda chang-to‘zonlar yuzaga kelishi mumkin.
Mazkur jarayonlar natijasida atmosfera havosida chang zarrachalari miqdori, ayniqsa, PM10 konsentratsiyasi qisqa muddatga ortishi ehtimoli bor. Biroq ushbu holat vaqtinchalik xarakterga ega bo‘lib, kunning ikkinchi yarmida kuzatiladigan qisqa muddatli yog‘ingarchilik hisobiga atmosfera havosi asta-sekin tozalanadi.
Mutaxassislar shamol kuchaygan paytlarda, ayniqsa, nafas yo‘llari kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq muammolari mavjud fuqarolarga ehtiyot choralarini ko‘rishni tavsiya etadi. Zarurat bo‘lmaganda uzoq vaqt ochiq havoda bo‘lmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkon qadar niqoblardan foydalanish maqsadga muvofiq.