Bu haqida Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti ma’lum qildi.
Tajriba O‘rta Barqiroq muzligida geoinjiniring loyihasi doirasida amalga oshirildi. Geotekstil qoplama muzlik yuzasiga tushadigan quyosh nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirini kamaytirish orqali muzning erish jarayonini sekinlashtirishi kutilmoqda.
Bu usul qanchalik samarali ekanini aniqlash uchun qoplangan hudud va unga yaqin, ochiq qoldirilgan nazorat maydoniga maxsus o‘lchov reyikalari o‘rnatildi. Ular yordamida har ikki maydonda muz yuzasining vaqt o‘tishi bilan qanchaga pasaygani kuzatiladi.
Ya’ni tadqiqotchilar bir joydagi muzni qoplama bilan himoyalab, ikkinchi joydagi muzni ochiq qoldirish orqali ularning qaysi biri tezroq eriyotganini taqqoslaydi.
Tajribaning keyingi bosqichi oktyabr oyida o‘tkaziladi. O‘shanda D-GPS yordamida tajriba va nazorat maydonlaridagi muzlik yuzasining balandligi qayta o‘lchanadi va o‘rnatilgan reyikalardan yangi ko‘rsatkichlar olinadi. Bu ma’lumotlar dastlabki o‘lchovlar bilan solishtirilib, qoplangan va ochiq muz yuzasidagi erish miqdori aniqlanadi.
Mutaxassislar ushbu tajriba orqali geotekstil qoplamalardan tog‘ muzliklarini mahalliy miqyosda himoya qilishda foydalanish imkoniyatini baholamoqda.
Tajriba natijalari muzliklar erishini sekinlashtirishga qaratilgan muhandislik choralarini ishlab chiqish uchun ilmiy asos bo‘lishi mumkin.