4-iyun kuni Pop tumani “Shayxon” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chodaksoy soyida olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlandi. Qidiruv tadbirlari davomida 2002-yilda tug‘ilgan fuqaroning jasadi soydan topildi va tegishli tartibda mutasaddi tashkilotlarga topshirildi.
28-may kuni 23 yoshli yigit qarindoshlari bilan birgalikda Pop tumanida joylashgan dam olish maskaniga kelib, u yerdan oqib o‘tuvchi “Chodaksoy” soyiga cho‘milish maqsadida tushgan, ehtiyotsizligi oqibatida cho‘kib ketib, qayta chiqmagan edi.
FVB xabarida qayd etilishicha, qutqaruvchilar tomonidan qidiruv ishlari uzluksiz ravishda olib borildi. Tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in-qutqaruvchilari tomonidan suv yuzasida, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadi xodimlari esa suv ostida qidiruv ishlarini olib borgan.
Fuqarolardan cho‘milish taqiqlangan hamda xavfli deb belgilangan hududlarda suvga tushmaslik, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish so‘raldi.
15-may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida 13 yoshli qiz To‘palang daryosiga oqib ketib, vafot etgandi. Mart oyi oxirida Toshkent viloyati Chinoz tumanida Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan 34 yoshli erkakning jasadi 9 kundan so‘ng topilgandi.