Mazkur holat Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan atroflicha oʻrganildi.
Aniqlanishicha, 19-sentyabr kuni soat 13:00 atrofida Namangan shahrining “Dashtbogʻ” mahallasi hududida Namangan shahri va Yangi Namangan tumanida yashovchi, 2010-yilda tugʻilgan, 2-sonli kasb-hunar texnikumining 1-bosqichida tahsil oluvchi 7 nafar voyaga yetmagan — M.A., B.A., I.F., R.S., M.Yo., Z.M. va A.Z. — shu texnikumning 1-bosqichida tahsil oluvchi T.A., R.N., M.Yo. va Yu.R.larning yonida boʻlgan pul, soat va telefonlarni ochiqdan-ochiq zoʻrlik ishlatish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida videotasvirda aks etgan barcha ishtirokchilarning shaxsiga aniqlik kiritildi. Shuningdek, holat natijasida biror-bir shaxsga tan jarohati yetkazilmagani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi “v” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan talonchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.