Shu kungacha xorijiy kompaniyalar aksiyalarini sotib olmoqchi bo‘lgan investorlar asosan chet el brokerlari xizmatidan foydalanib kelgan. Bunday operatsiyalar milliy regulyator nazoratidan tashqarida bo‘lgani uchun nizo chiqqanda investor huquqlarini himoya qilish oson emas edi. Yangi nizom xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan savdoni mahalliy fond birjasi va investitsiya vositachilari orqali tashkil etish imkonini beradi.

Huquqiy asos

Kapital bozoridagi “Tartibga solish qumdoni” rejimi Prezidentning 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qarori bilan joriy etilgan. Prezidentning 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son farmoni bilan rejimning amal qilish muddati cheklanmagan deb belgilandi, xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan savdo ham shu rejim doirasiga kiritildi. Nizom mazkur farmon ijrosi yuzasidan qabul qilingan.

Qaysi qimmatli qog‘ozlar muomalaga kiritiladi

Nizomga ko‘ra, quyidagi qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar amalga oshirilishi mumkin:

–     xorijiy fond indekslariga kiritilgan kompaniyalar aksiyalari;

–     xorijiy kompaniyalar obligatsiyalari;

–     xorijiy davlatlarning suveren obligatsiyalari;

–     birja investitsiya fondlari (ETF) va indeks fondlarining qimmatli qog‘ozlari;

–     xorijiy kompaniyalarning depozitar tilxatlari.

Operatsiyalar faqat ILMA reyestriga kiritilgan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha amalga oshiriladi. Reyestrga kiritish uchun qimmatli qog‘oz ISIN yoki boshqa rasmiy identifikatorga ega bo‘lishi va listingdagi qimmatli qog‘ozlarining umumiy kapitallashuvi kamida 1 trillion AQSh dollarini tashkil etadigan xorijiy savdo maydonchasida muomalada bo‘lishi kerak. Arizani investitsiya vositachisi, bank yoki xorijiy nominal saqlovchi taqdim etadi, ILMA uni 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Muomalaga chiqariladigan hajm Markaziy bank bilan kelishiladi. Reyestr ILMA rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Savdo tartibi

Nizomda savdoning ikki usuli nazarda tutilgan.

Mahalliy platformada savdo. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi xorijdagi hisobvarag‘ida saqlanayotgan qimmatli qog‘ozlar bilan ta’minlangan instrumentlarni chiqaradi. Har bir instrument xorijiy aktivning bir birligiga mos kelishi, ta’minot sifatidagi aktivlar esa garovga qo‘yilmasligi va olib chiqilmasligi lozim. Nomuvofiqlik aniqlansa, u bartaraf etilgunga qadar yangi bitimlar cheklanadi.

Xorijiy maydonchalarga bevosita kirish. Mahalliy broker xorijiy investitsiya vositachisi bilan tuzilgan shartnoma asosida mijoz topshiriqlarini xorijiy birjalarda bajaradi. Operatsiyalar mahalliy platformada aks ettiriladi va mijozga hisobot beriladi.

Malakali investorlar

Xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni faqat malakali investorlar amalga oshirishi mumkin. Jismoniy shaxs quyidagi talablardan kamida biriga javob berishi kerak:

–     kamida 5 000 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘lari yoki moliyaviy instrumentlarga ega bo‘lish;

–     broker belgilagan hajmda kamida 12 oylik savdo tajribasi;

–     qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisi malaka sertifikati yoki CFA, CIIA, FRM kabi xalqaro sertifikat;

–     moliya, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, matematika yoki moliya huquqi yo‘nalishida oliy ma’lumot;

–     tegishli sohada kamida ikki yillik ish staji.

Bundan tashqari, investor bozor tamoyillari, investitsiya xatarlari va qonunchilik bo‘yicha test topshiradi. Banklar, sug‘urta tashkilotlari, investitsiya fondlari va qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari malakali investor hisoblanadi. Boshqa yuridik shaxslar sof aktivlar, xodimlar malakasi va bitimlar tajribasiga oid talablarga javob berishi lozim.

Hisob-kitoblar va mablag‘larni qaytarish

Hisob-kitoblar chet el valyutasida amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslar hisobni agent-bank orqali naqd pul yoki bank o‘tkazmasi bilan to‘ldiradi; brokerlarga o‘z kassasi orqali naqd pul qabul qilish taqiqlanadi. Yuridik shaxslar eksport tushumi yoki boshqa ruxsat etilgan manbalardagi o‘z valyuta mablag‘laridan foydalanadi, konvertatsiya qilingan mablag‘lar bundan mustasno.

Investorning pul mablag‘larini chiqarib olish bo‘yicha topshirig‘i 3 bank kunidan kechiktirmay bajariladi. Agar xorijiy vositachidan mablag‘ 5 ish kuni ichida kelib tushmasa, broker mijozga o‘z hisobidan to‘lab beradi. Hisob sanksiyalar, sud qarori yoki xorijiy regulyator qarori bilan muzlatilgan hollarda bu qoida qo‘llanilmaydi.

Investitsiya vositachisi bilan shartnoma masofaviy raqamli identifikatsiya orqali elektron shaklda tuzilishi mumkin.

Cheklovlar

Qimmatli qog‘ozlarni qarz mablag‘lari hisobidan sotib olish taqiqlanadi. ILMA qonunchilik buzilganda, bozor manipulyatsiyasi, instrument va ta’minot aktivi o‘rtasida nomuvofiqlik, jiddiy texnik nosozlik aniqlanganda yoki savdo xorijiy maydonchada to‘xtatilganda savdoni to‘xtatib turishi mumkin. Xorijiy qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlar umumiy tartibda soliqqa tortiladi, nizomda alohida soliq imtiyozi nazarda tutilmagan.

Huquqiy jihatdan e’tibor beriladigan masalalar

Ikki usul investor huquqlari nuqtai nazaridan bir-biridan farq qiladi. Birinchi usulda investor xorijiy aksiyaning o‘ziga emas, markaziy depozitariy chiqargan va shu aksiya bilan ta’minlangan instrumentga egalik qiladi, ya’ni munosabatlar asosan O‘zbekiston qonunchiligi bilan tartibga solinadi. Ikkinchi usulda qimmatli qog‘ozlar xorijiy vositachida saqlanadi. Bu holda mahalliy broker va xorijiy vositachi o‘rtasidagi shartnomaga qaysi davlat huquqi qo‘llanilishi, nizolar qaysi sud yoki arbitrajda ko‘rilishi, xorijiy saqlovchi to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolsa mijoz aktivlari qanday ajratilishi muhim ahamiyatga ega. Broker bilan shartnoma imzolashdan oldin aynan shu shartlarga e’tibor qaratish lozim.

Xulosa

Nizom xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan savdoni qonuniy maydonga olib chiqadi. Kirish shartlari esa ataylab qat’iy belgilangan: faqat malakali investorlar, faqat o‘z mablag‘i hisobidan va faqat reyestrga kiritilgan qog‘ozlar bilan. Amaliyot qanday shakllanishi ko‘p jihatdan brokerlarning tayyorgarligiga va ILMA reyestriga qancha qimmatli qog‘oz kiritilishiga bog‘liq bo‘ladi.


Abdilaziz Abdirasulov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro xususiy huquq kafedrasi o‘qituvchisi