21-avgust kuni “Oʻzatom” agentligida Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari hamda Qozogʻiston delegatsiyasi ishtirokida ishchi muzokaralar boʻlib oʻtdi. Qozogʻiston delegatsiyasiga Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri oʻrinbosari Mansur Oshurbayev boshchilik qildi. Bu haqda “Oʻzatom” agentligi xabar berdi.

Uchrashuvda AES loyihasini amalga oshirishda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston tashkilotlari tomonidan loyiha, qidiruv va tayyorgarlik ishlarining borishi, shuningdek, xavfsizlik va ekologik monitoringni taʼminlash boʻyicha yondashuvlar taqdim etildi.

“Xavfsizlik — Oʻzbekiston milliy atom dasturining shubhasiz ustuvor yoʻnalishidir. Biz milliy qonunchilik va xalqaro standartlarga muvofiq yadroviy, radiatsiyaviy va ekologik xavfsizlik tizimini izchil yoʻlga qoʻymoqdamiz”, — dedi “Oʻzatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev.

Ishchi yigʻilishda Qozogʻiston tomonining savollariga Oʻzbekiston Energetika, Ekologiya vazirliklari hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari javob berdi. Tomonlar loyihaning texnik va ekologik jihatlarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida kelgusidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari, jumladan, “yoʻl xaritasi” va keyingi qadamlar kelishib olindi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari mutaxassislarining taʼlim va amaliy tayyorgarligini yoʻlga qoʻyish, zamonaviy laboratoriyalarda trenajyor mashgʻulotlarini tashkil etish hamda milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha ekspertlar maslahatini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston tomoni mintaqada atom energetikasi boʻyicha bilim va tajribani birlashtirishga moʻljallangan ixtisoslashtirilgan markaz konsepsiyasini ham taqdim etdi. Markazda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik madaniyatini mustahkamlash, meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish hamda tinch atomning ijtimoiy maqbulligini oshirishga eʼtibor qaratiladi.

Tomonlar mintaqada tinch atom energetikasini xavfsiz va masʼuliyatli rivojlantirish boʻyicha ekspertlar muloqotini muntazam davom ettirish va hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.