Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ozarbayjonlik hamkasbi bilan tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yigʻilishini oʻtkazdi. Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi tarixiy shartnoma va salmoqli hujjatlar toʻplami imzolandi, qator qoʻshma loyihalarga start berildi. Yetakchilar ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Tashrif doirasida Ozarbayjon Prezidenti Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi. Davlat rahbarlari Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini ochish va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bogʻini barpo etish ishlarini boshlash marosimlarida ishtirok etdilar.
Bugun sammit Buxoroda davom etdi. Davlat rahbarlari rafiqalari bilan qadimiy shaharning tarixiy obidalarini tomosha qildilar.
Oliy martabali mehmonlarga Buxoro viloyatining raqamlashtirish, yengil va elektrotexnika sanoati kabi sohalardagi salohiyati haqida ma’lumot berildi.
Tadbirlar tugagach, Buxoro xalqaro aeroportida Prezident Ilhom Aliyev va rafiqasini Prezident Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kuzatib qoʻydi.
Shu bilan davlatimiz rahbari Buxoroga safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.