Joriy yilning 25-avgust kuni O‘zbekiston fuqarosi D.A. turmush o‘rtog‘i X.M.ni vatanga qaytarishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab Bosh konsulxonaga murojaat qildi.

O‘rganishlar davomida X.M. Olmaota shahridagi qurilish obyektlarining birida ehtiyotsizlik oqibatida balandlikdan yiqilib, og‘ir tan jarohati olgani hamda 2026-yil 15-avgustdan buyon mahalliy tibbiyot muassasasida davolanayotgani aniqlandi.

Fuqaroning sog‘lig‘i va tibbiy holati inobatga olinib, Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi tomonidan uni mamlakatga qaytarish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Saʼy-harakatlar natijasida, X.M. va uning turmush o‘rtog‘i “Qoplonbek–Navoiy” chegara nazorat posti orqali O‘zbekiston hududiga olib o‘tildi.

Chegara postida vatandoshimizni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi tomonidan ajratilgan maxsus tez tibbiy yordam avtomashinasi hamda malakali shifokorlar brigadasi kutib oldi va u xavfsiz tarzda belgilangan tibbiyot muassasasiga joylashtirildi.