Tadbirda davlatimiz rahbari yigʻilganlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi bilan samimiy tabrikladi.
– 35-yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar oʻzining koʻlami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr boʻldi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi, – dedi Prezident.
Ushbu oʻzgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va olijanob xalqimiz ekani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-roʻz yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga taʼlim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar mehnatida namoyon boʻlishini qayd etdi.
Shuningdek, ilm-fan taraqqiyotiga yangi gʻoya va kashfiyotlar olib kirayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi hamda arxitektorlarning hissasiga alohida toʻxtaldi.