Shu munosabat bilan joriy yilning 22-iyul kuni Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo institutida “Xitoy–O‘zbekiston: strategik uyg‘unlik va yuksak taraqqiyot” mavzusida O‘zbekiston–Xitoy aql markazlari forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Xitoyning yetakchi aql markazlari rahbarlari, akademik doiralar vakillari, ekspertlar hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Forumning asosiy mavzusi mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan tajriba almashish hamda yangi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan maxsus to‘plamning xitoy tilidagi nashri taqdim etildi. Mazkur nashr forum ishtirokchilari, xitoylik ekspertlar hamda ilmiy doiralar vakillariga tarqatildi. Unda strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar batafsil yoritilgan.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ularning dastlabki natijalari hamda istiqboldagi vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, davlat boshqaruvini takomillashtirish, aholi farovonligini oshirish, tashqi siyosatni faollashtirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
Xitoy Zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi ilmiy kengashi bosh kotibi o‘rinbosari Din Syaosin O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish, soliq tizimini takomillashtirish hamda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. U texnoparklar tashkil etish, avtomobilsozlik, chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, u madaniy-gumanitar aloqalar strategik sheriklikning muhim tarkibiy qismi ekanini qayd etib, O‘zbekistonda Xitoyning G‘arbiy–Sharqiy qishloq xo‘jaligi markazini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti Markaziy Osiyo bo‘limi boshlig‘i Chjan Nin Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, davlat boshqaruvini optimallashtirish, oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, chegaradosh masalalarni hal etish hamda mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash borasida erishilgan natijalarni e’tirof etdi. U Xitoy tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni bundan buyon ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Institutning katta ilmiy xodimi Gao Hansun bugungi geosiyosiy sharoitda transport koridorlarini diversifikatsiya qilish strategik ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish maqsadlariga ham xizmat qilishini qayd etdi.
Forum yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, aql markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar va ekspertlar almashinuvini faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, transport, “yashil” taraqqiyot hamda madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Mazkur forum hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga bag‘ishlangan maxsus to‘plamning xitoy tilidagi nashri taqdimoti mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini Xitoyning ilmiy-ekspert doiralari va keng jamoatchiligiga yetkazish, shuningdek, Strategiyada belgilangan ochiq va pragmatik tashqi siyosat, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish hamda barqaror taraqqiyot maqsadlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati