Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Qoʻmitaga kelib tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar tahlili poyezdlar jadvaldan kechikishi bilan bogʻliq muammolar dolzarbligini koʻrsatgan. Xususan, 2025-yil davomida bu masala yuzasidan 51 ta murojaat qayd etilgan.

Oʻrganishlar davomida amaldagi normativ hujjatlarda tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda kompensatsiya toʻlash tartibi belgilanmagani aniqlangan.

Shundan soʻng Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilar huquqlarini taʼminlash maqsadida mazkur tartibni joriy etish yuzasidan Transport vazirligiga soʻrov yuborgan.

Vazirlik maʼlumotiga koʻra, hozirda “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari”ning yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Unga koʻra, poyezd kechikkan taqdirda quyidagi miqdorlarda kompensatsiya toʻlash taklif etilmoqda:

  • 15–30 daqiqa kechiksa — chipta qiymatining 15 foizi;
  • 31–60 daqiqa kechiksa — 25 foizi;
  • 61–120 daqiqa kechiksa — 50 foizi;
  • 121 daqiqadan ortiq kechiksa — 100 foizi.

Hozirgacha bunday tartib faqat “Afrosiyob” poyezdlariga nisbatan amal qilgan boʻlsa, yangi oʻzgartishlar uni barcha mahalliy (oddiy va tezyurar) poyezdlarga tatbiq etishni nazarda tutmoqda.

Raqobat qoʻmitasi mazkur tashabbusni isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va temir yoʻl xizmatlari sifatini oshirish yoʻlida muhim qadam sifatida baholamoqda.