Yurtimizda mahalliy xomashyo asosida import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda respublikada 47 ta keramik plita ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan yili ular tomonidan 47,2 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilib, ichki talab 128,6 foizga qoplandi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 16-dekabrdagi Fargʻona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qaroriga muvofiq, 2025-yilda Quvasoy shahrida “Crown Ceramic” qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Yiliga 8 million kvadrat metr keramogranit plita ishlab chiqarishga moʻljallangan loyiha 1 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlash, 665 milliard soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratish va 35 million dollarlik eksportni amalga oshirish imkoniyatlariga ega.
Korxonada mahalliy xomashyodan foydalanish darajasi 97 foizni tashkil etmoqda. Uning asosiy qismi Quvasoydagi konlardan, shuningdek, Toshkent viloyatining Angren hududidan keltiriladi. Ishlab chiqarish jarayonida bir kunda 600 tonna saralangan tosh, 100 tonna qizil kaolin va 100 tonna kulrang kaolin ishlatiladi.
Bu yerda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa bozorlarida kam uchraydigan yirik formatdagi eksportbop keramogranit plitalar ishlab chiqarilib, 6 xil oʻlchamdagi mahsulot tayyorlanadi.
Zavodda oddiy soy toshidan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot yaratilmoqda. Dala shpati ishlab chiqarish, kaolin tarkibidagi koʻmirni tozalash jarayonlari yoʻlga qoʻyilgan. Bu yuqori sifatli keramogranit ishlab chiqarishda muhim ahamiyatga ega.
Jarayonlar toʻliq raqamlashtirilib, energotejamkor uskunalardan foydalanilmoqda. Ekologik talablarga ham alohida eʼtibor qaratilgan: zamonaviy chang yutish moslamalari va filtrlar oʻrnatilgan. Yomgʻir suvlari yigʻib olinib, ishlab chiqarishda foydalaniladi. Ishlatilgan suvni tozalash va ishlab chiqarishga qayta yoʻnaltirishning yopiq zanjiri yaratilgan.
Zamonaviy texnologiyalar hisobiga xomashyo tayyorlashda elektr energiyasi sarfi 20 foizgacha kamaytirilgan. Kunduzgi ish jarayonida tabiiy yorugʻlikdan foydalaniladi.
Bu yerda ishlab chiqarilayotgan keramik plitalar sifat va texnik koʻrsatkichlari boʻyicha Italiya, Ispaniya va Xitoy mahsulotlari bilan raqobatlasha oladi. Joriy yil yanvar-mart oylarida korxona Qirgʻiziston va Tojikistonga 400 ming dollarlik 80 ming kvadrat metr mahsulot yetkazib berdi. Eksport geografiyasini kengaytirish maqsadida Qozogʻiston, Rossiya va Yevropa davlatlari bilan shartnomalar imzolash choralari koʻrilmoqda.
Korxonada hozirda import qilinadigan glazur mahsulotlarini mahalliylashtirish boʻyicha ilmiy-amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Qiymati 20 million dollar boʻlgan, yiliga 50 ming tonna glazur ishlab chiqarish quvvatiga ega yangi loyiha 2026-yil sentabrda ishga tushiriladi. Uning natijasida yana 100 ta ish oʻrni yaratilishi, qoʻshimcha 10 million dollarlik eksport amalga oshirilishi, sirlash mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojning 85 foizini korxonaning oʻz kuchi bilan qoplash rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari korxonada mahsulot ishlab chiqarish va saqlash jarayonlari, joriy etilgan texnologiyalar hamda eksport rejalari bilan tanishdi. Bunday qoʻshma korxonalar mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish orqali hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.