Jumladan, 2025-yilda yurtimizga qariyb 12 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgani, bu yutuqlar zamirida sohada mehnat qilayotgan minglab insonlarning mashaqqatli mehnati turgani qayd etilgan.

Tabrikda Xiva, Samarqand, Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlarda yangi sayyohlik maskanlari va yo‘nalishlarini rivojlantirish, turizm xizmatlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish rejalari bayon qilingan. Maqsad – O‘zbekistonni dunyoning eng mashhur turizm markazlaridan biriga aylantirish.

Shuningdek, soha xodimlari mehnatini munosib e’tirof etish uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi ilgari surilgan. Qutlov turizm sohasi vakillariga baxt-saodat va faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilaklari bilan yakunlandi.