Ta’kidlanishicha, mazkur qaror mahsulotning nomi va uni tayyorlashning an’anaviy texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qilish, shuningdek, uning o‘ziga xos sifati va nufuzini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, Qo‘qon shahri qadimdan hunarmandchilik va milliy qandolatchilik rivojlangan markazlardan biri hisoblanadi. Shu hududda shakllangan Qo‘qon halvasi an’anaviy tayyorlash usuli, o‘ziga xos ta’mi va sifati bilan nafaqat O‘zbekistonда, balki xorijda ham e’tirof etilgan.
Geografik ko‘rsatkich mahsulotga qanday afzallik beradi?
Geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi mahsulotning ma’lum hudud bilan uzviy bog‘liqligini rasmiy e’tirof etadi. Bu esa uning nomidan faqat belgilangan talablarga javob beradigan ishlab chiqaruvchilar foydalanishiga huquqiy asos yaratadi hamda mahsulotning obro‘si va sifatini himoya qiladi.
Shuningdek, mazkur maqom mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, hududning gastronomik brendini mustahkamlash va milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarda kengroq targ‘ib etish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Mutaxassislar fikricha, geografik ko‘rsatkichlar tizimini rivojlantirish mamlakatning milliy brendlarini himoya qilish, gastronomik turizmni rag‘batlantirish va intellektual mulk obyektlarini samarali boshqarishda muhim vositalardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligini hamda uning sifati, shuhrati va o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy yoki ijtimoiy-madaniy omillari bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.