U, shuningdek, iqtisodiy salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni yuqori baholab, mamlakatimizga avvalroq kelmaganidan afsusda ekanini bildirdi.
Bu haqda jurnalist Jahongir Olimov ma’lum qildi.
Andrey Babish Skoda kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga poezdlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolanganini ham alohida olqishladi.
Shuningdek, Andrey Babish Islom sivilizatsiyasi markaziga ham bordi. Chexiya bosh vaziri bugun bizga bergan intervyusida markazni «fantastik» deya ta’rifladi.
Delegatsiya a’zolari Islom sivilizatsiyasi markazida tarixdagi buyuk shaxslarimiz, ayniqsa, Amir Temur bilan «jonli muloqot» qilishdan juda katta taassurot olishdi.
Babish markazning faxriy mehmonlar kitobiga shunday so‘zlarni yozib qoldirdi:
«Bu muzeyni ta’riflashga so‘z topish qiyin — chinakamiga hayratlanarli. Afsuski, vaqtimiz juda cheklangan, albatta yana bir kun qaytib kelishim kerak bo‘ladi.
Biz O‘zbekistonda endigina bor-yo‘g‘i bir necha soat bo‘ldik, ammo mamlakatingiz menda juda katta taassurot qoldirdi. Bu buyuk mamlakat — boy tarixga, ajoyib insonlarga, ayniqsa, salohiyatli yosh avlodga ega.
Hammasi juda ajoyib. Umrimda bunday muzeyni hali ko‘rmaganman. Rostdan ham nihoyatda ta’sirli. Tabriklayman».