Hududlar: tenglikni o‘lchash davri

Hududiy rivojlanishdagi eng muhim yangilik jahon tajribasi asosida ishlab chiqilgan Hududiy tenglik indeksidir. O‘lchanmagan narsani boshqarib bo‘lmaydi. Viloyatlar o‘rtasidagi tafovutni raqam bilan ifodalaydigan vositaning paydo bo‘lishi qarorlarni “his-tuyg‘u”ga emas, solishtiriladigan ko‘rsatkichlarga tayangan holda qabul qilish imkonini beradi.

Shu yo‘nalishda yana bir qadam qo‘yildi. Hududlarning fazoviy-hududiy strategiyalari va rejalarini ishlab chiqish uchun Xitoy, Janubiy Koreya, Ispaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyaning xorijiy kompaniyalari bilan shartnomalar tuzildi. Bu mamlakatlar hududlarni rejalashtirishda turli modellarni sinab ko‘rgan. Ularning tajribasi jalb qilinayotgani, hududiy rivojlanishga tayyor retsept ko‘chirish emas, balki keng tanlov asosida yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi.

Sanoat va fan: ishlab chiqarish quvvati va taxlil madaniyati

Real sektorda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yillik 180 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarish quvvatiga ega 6-son sex foydalanishga topshirildi. Sulfat kislotasi metallurgiya, o‘g‘it ishlab chiqarish va kimyo sanoatining muhim xomashyolaridan biri. Quvvatning oshishi ichki bozorning bu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini barqaror qoplashga xizmat qiladi va qo‘shimcha qiymat zanjirini uzaytiradi.

Ikkinchi yo‘nalish — “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJda nanotahlil laboratoriyasining tashkil etilishi. Bu metall sifatini nazorat qilish va yangi materiallar bilan ishlashda tadqiqot darajasidagi aniqlikka o‘tish haqida signal beradi. Zamonaviy sanoatda raqobat ko‘pincha xomashyo hajmida emas, mahsulot xususiyatlarining barqarorligi va aniqligida hal bo‘ladi.

Eksport: xaritalarni kengaytirish

Hududlarning investitsion jozibadorligini oshirish va xalqaro bozorlarga integratsiyalashish doirasida Latviya, Litva, Shvetsiya, Finlyandiya va Gruziyaga eksport qiluvchi tadbirkorlarning tashriflari tashkil etildi. O‘zbekiston–Latviya va O‘zbekiston–Gruziya biznes-forumlari o‘tkazildi, eksport xablarini tashkil etish choralari ko‘rildi.

E’tiborli jihati — geografiyaning kengayishi. Boltiq bo‘yi davlatlar va Shimoliy Yevropa mamlakatlari, Janubiy Kavkaz yo‘nalishlarga qo‘shimcha tarzda e’tibor qaratilmoqda. Bunday tashriflar tadbirkor uchun eng qimmatli narsani beradi: bozorni bevosita o‘rganish va hamkorni shaxsan tanlash imkonini. Eksport xablari esa yirik korxonalar bilan birga kichik ishlab chiqaruvchilarga ham chet elga chiqish yo‘lini soddalashtirishi mumkin.

Iqtisodiy o‘sish energota’minotining barqarorligiga bog‘liq

Qayta tiklanuvchi energiya. Respublika hududlarida kichik va mikro gidroelektrstansiyalarini o‘rnatish va barpo etish bo‘yicha 1 900 ta loyiha auksion savdolariga chiqarildi. Shu bilan birga to‘rtta GES ishga tushirildi: Qashqadaryodagi “Chappasuy” (7,5 MVt) va “Tamshush” (10,3 MVt), Namangan viloyatidagi “Beshqo‘rg‘on” (5 Mvt) va Janubiy Farg‘ona kanalidagi JFK-3 (6,9 MVt). Ularning jami quvvati 29,7 MVt. Bu raqam mamlakat energetikasi miqyosida katta emas, ammo ahamiyati boshqa joyda. Kichik GES mahalliy iste’molchiga yaqin joyda elektr ishlab chiqaradi va tarmoqdagi yukni kamaytiradi. Auksionga chiqarilgan loyihalar soni bilan ishga tushganlari o‘rtasidagi farq esa hali jarayonning boshida ekanimizni ko‘rsatadi. Keyingi bosqichda asosiy savol loyihalarning necha foizi real qurilishga o‘tishidir.

Kadrlar va samaradorlik. Yoqilg‘i-energetika sohasi xodimlarini har uch yilda kamida bir marta qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish bo‘yicha davlat ta’lim talablari tasdiqlandi. Bu — texnika yangilanishi bilan birga odamning bilimi ham yangilanib turishi kerak degan yondashuv. Shuningdek, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Energiya samaradorligini oshirish milliy strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Tejamkorlik eng arzon “energiya manbai” ekanini hisobga olsak, bu hujjat iqtisodiyot uchun ishlab chiqarish quvvatini oshirish bilan teng darajada muhim.

Narx siyosati. Prezidentning 2026-yil 26-maydagi PQ–203-son qarori bilan 1 iyundan mahalliy ko‘mir narxlarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyoti bekor qilindi. Bu bozor tamoyillariga o‘tishdagi jiddiy qadam. Narxning erkinlashishi ishlab chiqaruvchiga rag‘bat beradi, ammo iste’molchiga ta’sirini kuzatib borish zarur. Ayniqsa, isitish mavsumi yaqinlashayotgan pallada.

Qishga tayyorgarlik. “O‘ztransgaz” AJga qarashli kompressor stansiyalarining 60 ta gaz haydash agregatida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Farg‘ona vodiysi iste’molchilarini kuz-qish mavsumida barqaror gaz bilan ta’minlash uchun Xo‘jaobod gazni yer ostida saqlash inshootining 12 ta qudug‘ida ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu esa oddiy oila uchun qishda uyning issiqligini ta’minlaydi.

Atom energetikasi. Kichik quvvatli AESni loyihalashtirish, yetkazib berish va qurish bo‘yicha shartnomaga qo‘shimcha bitim imzolanib, ro‘yxatdan o‘tkazildi, AES energobloklarini joylashtirish uchun maydonchadan foydalanishga ruxsatnoma berildi. Bular uzoq muddatli loyihaning huquqiy va tashkiliy poydevorini shakllantiruvchi qadamlardir.

Shahar transporti: nazorat orqali sifatga

Urganch–Xiva trolleybus yo‘nalishida brutto-shartnoma tizimi joriy etildi. Trolleybuslar GPS trekerlar bilan jihozlandi va qatnovlarni “O‘zbusmonitoring” tizimi orqali nazorat qilish imkoniyati yaratildi. Bu amaliyotda qatnov jadvaliga rioya qilish operatorning shartnoma majburiyatiga aylanishini anglatadi. Yo‘lovchi uchun natija oddiy: kutish vaqtining qisqarishi va qatnovlarning ishonchliligi. Bu Urganch–Xiva yo‘nalishining turistik ahamiyatini ham e’tiborga olganda yana muhim.

Qishloq xo‘jaligi: navdan tomorqagacha

Paxtachilikda 2026-yil hosili uchun hosildorligi 70–80 sentner, tola chiqimi 40–45 foizdan kam bo‘lmagan tezpishar va serhosil g‘o‘za navlari 888 ming gektar maydonga ekildi. Intensiv ekish sxemalari 889,5 ming gektarda, “Shinjon” usulida chigit ekish esa 305,2 ming gektarda joriy etildi.

G‘allachilikda hosildorlikni 75–80 sentnerga yetkazish maqsadida 8 ta yangi tezpishar va serhosil kuzgi bug‘doy navi tanlanib, 74,9 ming gektarga ekildi. Yangi yuqori hosilli navlar maydoni 610 ming gektarga yetkazildi. Navlarni yangilash hosildorlikni oshirishning eng arzon yo‘llaridan biri, chunki u ko‘p hollarda qo‘shimcha yer yoki suv talab qilmaydi.

Chorva uchun ozuqabop ekinlarning suvsizlikka chidamli va serhosil navlari bo‘yicha yangi ilmiy loyihalar ishlab chiqilib, maqsadli tanlovlarga taqdim etildi. Suv tanqisligi davrida bunday tadqiqotlar strategik ahamiyatga ega.

Oziq-ovqat xavfsizligi nuqtayi nazaridan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansi monitoring qilindi. Iste’mol, urug‘lik sarfi va tabiiy yo‘qotishlar hisobga olinib, talab aniqlandi hamda uni qoplash imkoniyatlari tahlil qilindi. Ya’ni resurslar oldindan hisob-kitob qilinmoqda, bu narx sakrashi va tanqislik xavfini kamaytiradi.

Mayda xo‘jaliklar ham e’tibordan chetda qolmagan: 4 mingta aholi tomorqa yer egalariga ko‘chat va urug‘liklar yetkazib berildi, “Mening tomorqam” elektron platformasi test rejimida ishga tushirildi. Tomorqa millionlab oilalar daromadining qo‘shimcha manbai, shuning uchun uni raqamlashtirish ham iqtisodiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega.

Raqamli xizmatlar va ishbilarmonlik muhiti

Soliq to‘lovchilarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinet orqali o‘z faollik holatini mustaqil ravishda o‘zgartirish imkoniyati yaratildi. Bu kichik o‘zgarishdek ko‘rinsa-da, tadbirkor uchun ortiqcha qog‘ozbozlik va vaqt yo‘qotishning kamayishini bildiradi.

IT Park rezidentlarida yaratilgan ish o‘rinlari soni 51,9 mingtaga yetkazildi. Bu axborot texnologiyalari sohasining bandlik manbai sifatida o‘sib borayotganini ko‘rsatadi, ayniqsa yoshlar uchun.

Davlat boshqaruvidagi shaffoflik borasida uchta qadam e’tiborga loyiq:

• Ochiq ma’lumotlar portalida foydalanuvchilar so‘ragan yangi turdagi ma’lumotlar to‘plamini e’lon qilish uchun maxsus bo‘lim ishga tushirildi;

• Davlat mehnat inspeksiyasining dmi.mehnat.uz axborot tizimi orqali mehnat huquqi buzilishi bo‘yicha onlayn murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish, jarayonni kuzatish va statistika shakllantirish imkoniyati joriy etildi;

• BMTning Elektron hukumat reytingida Elektron ishtirok etish indeksini yaxshilash maqsadida Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va “Mening fikrim” portali bilan ishlash bo‘limi tashkil etildi.

Bu qadamlarning umumiy mantig‘i bitta: fuqaro va tadbirkor davlat bilan aloqani onlayn, kuzatiladigan va hisobdor shaklda olib boradi.

Yer auksionlari: bozor savdosining o‘lchami

Hududlarda savdo, maishiy, sayilgoh va ko‘ngilochar xizmatlarni rivojlantirish maqsadida boshlang‘ich qiymati 2,1 trln so‘m bo‘lgan 16 384 ta (1 248 gektar) yer maydoni elektron onlayn auksion savdolariga chiqarildi. Shundan 4 966 ta (626 gektar) yer uchastkasi 1,6 trln so‘mga sotildi.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, uchastkalarning taxminan 30 foizi sotilgan, maydon bo‘yicha esa yarmiga yaqini (626 gektar 1 248 gektarning yarmini tashkil qiladi). Bu shuni anglatadiki, yirikroq va likvid uchastkalarga talab yuqori bo‘lgan. Muhimi, sotilgan yer uchastkalari ortida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ish o‘rinlari va budjet tushumlari turibdi.

9 oy davomida bajarilgan ishlarning kattagina qismi hujjatlar, shartnomalar, platformalar va loyihalar ko‘rinishidagi tashkiliy natijalardir. Bu tabiiy, chunki strategik o‘zgarishlar shundan boshlanadi. Endi e’tibor ularning iqtisodiy ta’siriga qaratilishi kerak: ishga tushgan quvvatlar, eksport hajmi, yaratilgan ish o‘rinlari, hosildorlik va aholi daromadlari. Qishga tayyorgarlik, narx siyosatidagi o‘zgarishlar va oziq-ovqat balansi kabi masalalar esa aholining kundalik hayotiga bevosita bog‘liq. Farovonlik haqidagi gap eng avval shu yerda sinovdan o‘tadi.

Jamshid SHARIPOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i