Bu haqda Fuqarolik ishlari boʻyicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi Vasila Abdusattorova OʻzAga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Uning aytishicha, Prezidentning 2026-yil 8-iyundagi “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan sud tizimida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan qator mexanizmlar belgilangan.
Farmonga koʻra, sudyalar hamda sud apparati xodimlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish, shuningdek, deklaratsiya maʼlumotlarini integratsiyalashgan tizim orqali tekshirish mexanizmi joriy etiladi.
Sudyalar boʻyicha elektron deklaratsiya tizimi 2026-yil 1-sentyabrga qadar, sud apparati xodimlari boʻyicha esa 2027-yil 1-mayga qadar ishga tushiriladi.
Shuningdek, Oliy sudda sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar toʻqnashuvini aniqlashga masʼul komplayens nazorat xizmati tashkil etilmoqda.
Mazkur xizmat korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va baholash, kasb etikasiga rioya etilishini monitoring qilish, ishga qabul qilishda nomzodlarni korrupsiyaga qarshi tekshirish hamda xodimlarning korrupsiyaga qarshi bilim va koʻnikmalarini oshirishni muvofiqlashtiradi.
Farmonda korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish va ragʻbatlantirish, pora taklif qilingan holatlar haqida xabar berish tizimi hamda fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallarini joriy etish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2026-yil yakuniga qadar “vacancy.sud.uz” portali va “SudHR” elektron platformasini ishga tushirish belgilangan. Ularda vakansiyalarni eʼlon qilish, nomzodlarni saralash va ishga qabul qilish jarayonlarida sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalaniladi.
Farmon asosida sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturini takomillashtirish, sudyalar va sud apparati xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha har uch yilda malakasini oshirish choralari ham belgilangan.