Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i A. Rasulov boshchiligida tezkor ishchi guruh tuzilib, voqea joyiga chiqildi. Ishchi guruh tarkibiga boshqarmaning Atrof-muhit monitoringi, iqlim o‘zgarishiga moslashish va gidrometeorologiya yo‘nalishidagi tahliliy laboratoriya mutaxassislari hamda Yakkasaroy tumani ekologiya nazorati inspeksiyasi davlat inspektorlari jalb etildi.

Joyida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qurilish ishlari vaqtida ehtiyotsizlik oqibatida oqova suv quvuriga shikast yetgani va buning natijasida oqova suvlarni Salar kanaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri tashlash holati aniqlandi.

Holat yuzasidan boshqarma tahliliy laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan kanal suvidan belgilangan tartibda namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborildi.

Tahlil natijalari hamda o‘rganish yakunlariga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etilmagani yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi. Qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganish ishlari yakuniga ko‘ra taqdim etiladi.