Anjumanning asosiy kun tartibi uchta yo‘nalishni qamraydi: xalqaro konferensiya, panel sessiyalar va turoperatorlar o‘rtasidagi ikki bosqichli B2B netvorking uchrashuvlari.

Aynan shu uchrashuvlarda turistik xizmatlarni bevosita sotuvchi va xorijiy bozorlarda targ‘ib qiluvchi kompaniyalar bilan amaliy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirning O‘zbekiston uchun strategik ahamiyati shundaki, u yangi bozorlarga chiqish imkonini beradi. Xususan, Kanada, Buyuk Britaniya va Yevropadagi xarid qobiliyati yuqori segment — asli osiyolik musulmonlar diasporasi uchun turlar tashkil etuvchi kompaniyalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatiladi. Bu esa mamlakatimizga premium va hashamatli xizmatlarga tayyor, to‘lovga qodir turistlarni jalb etish yo‘lini ochadi.

Ishtirokchilar uchun Xorazm, Samarqand va Buxoro viloyatlari bo‘ylab ekskursiyalar va qo‘shimcha biznes uchrashuvlar rejalashtirilgan. Shu orqali xorijiy sheriklar O‘zbekistonda rivojlanib borayotgan tog‘ turizmi, ekoturizm, gastronomik va etnografik turizm yo‘nalishlari bilan bevosita tanishadi.

Turizm qo‘mitasi va "Trip Group" turistik tashkiloti hamkorligidagi anjuman dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq soha vakilini poytaxtga jamlaydi. Ilgari Turkiya, Misr, Vetnam va Tanzaniyada o‘tkazilgan tadbirga bu yil ilk bor O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.

Sammitga AQSh, Kanada, Yangi Zelandiya, shuningdek, Yevropa va Osiyoning yetakchi davlatlaridan yirik turoperatorlar tashrif buyuradi.