DXX maʼlum qilishicha, Call-markazga kelib tushgan murojaat asosida xizmatning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Kadastr agentligining Yashnobod tuman boʻlimi bosh inspektori uchinchi shaxs orqali 2 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.

Aniqlanishicha, u xizmat mavqeyidan foydalanib, mahalliy fuqaro tomonidan noqonuniy oʻrnatilgan engil konstruktsiyali qurilmalarni buzdirmaslik va unga nisbatan jarima qoʻllamaslik evaziga mazkur mablagʻni talab qilgan.

Yana bir holat Andijon shahrida qayd etilgan. 1984 yilda tugʻilgan fuqaro xaridorga Andijon tumanining Haqqan sanoat hududida joylashgan, davlat zaxirasiga tegishli 40 sotix yer maydonini goʻyoki «E-auksion» orqali yutib olganini aytgan.

U yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, buning evaziga 160 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar organlari hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda u oldindan kelishilgan 80 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.

Har ikki holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruv va protsessual harakatlar olib borilmoqda.