7–11 sentyabr kunlari viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov boshchiligidagi sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullaridan iborat delegatsiya Kyongido provinsiyasiga amaliy tashrif buyurdi.
Tashrif davomida zamonaviy tibbiyotning ilg‘or yo‘nalishlari o‘rganilib, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Delegatsiya a’zolari Sent-Vinsent gospitali, Koreya universitetining Ansan gospitali, Shihva tibbiy markazi hamda tibbiy uskunalar sohasidagi markazlar faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, sun’iy intellekt va intellektual tibbiyot, robotlashtirilgan onkologiya, zamonaviy diagnostika, yurak-qon tomir kasalliklarini davolash, tibbiy texnologiyalar hamda mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Koreya tajribasi o‘rganildi.
Shuningdek, «Kyongido – O‘zbekiston» MedTech biznes-forumida Toshkent viloyatidagi Nurafshon tibbiy klasteri taqdimoti o‘tkazildi. Unda tibbiy uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
10 sentyabr kuni o‘tkazilgan «Kyongido – O‘zbekiston tibbiyot istiqbollari» forumi doirasida Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Kyongido provinsiyasining yetakchi tibbiyot muassasalari o‘rtasida 3 ta o‘zaro hamkorlik memorandum i imzolandi.
Kelishuvlarga ko‘ra, Nurafshon shahridagi Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyatini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish belgilandi.
Shuningdek, neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, neonatal xirurgiya, transplantologiya, angiokirurgiya, umurtqa va bo‘g‘imlarni protezlash hamda onkologiya yo‘nalishlarida mutaxassislarni Kyongidoning yetakchi tibbiyot muassasalarida bepul malaka oshirish kurslariga jalb etish ko‘lami kengaytiriladi.
Bundan tashqari, koreyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent viloyatida o‘rta tibbiyot xodimlari uchun sayyor o‘quv kurslarini tashkil etish hamda 2027 yilda viloyatda Kyongidoning yetakchi tibbiyot muassasalari professorlari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.