Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu korxona bilan ham tanishdi.
Tijorat bankining 50 million dollarlik mablagʻi hisobidan 121 gektar maydonda Vengriyaning “Aviagen” kompaniyasidan keltirilgan 60 ming bosh naslli tovuqlar intensiv usulda parvarishlanmoqda. Korxonaning oddiy xoʻjaliklardan bosh ustuvorligi inkubatsiya jarayonidan boshlab tayyor goʻsht mahsulotlari yetishtirishgacha boʻlgan toʻliq sanoat siklini qamrab olganidadir.
Bu yerda joriy etilgan zamonaviy genetik texnologiyalar naslchilik yoʻnalishida kuniga 60 ming dona yuqori sifatli tuxum olish va inkubatorlar orqali 50 ming bosh joʻja ochirish imkonini bermoqda.
Loyihaning goʻsht yetishtirish tarmogʻi ham yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Har biri 100 ming bosh parrandaga moʻljallangan komplekslarda broylerlar 45-50 kun ichida parvarishlanib, bir siklda 120 tonna parranda goʻshti olinadi.
Ushbu muvaffaqiyatli tajriba asosida kelgusida viloyatning Mingbuloq, Namangan, Norin, Pop, Uychi, Chust va Chortoq tumanlarida yangi parrandachilik komplekslarini barpo etish zarurligi qayd etildi. Natijada viloyatdagi jami parrandalar soni 12 million boshga yetib, loyiha doirasida qoʻshimcha 500, kengaytirilgan kooperatsiya tizimi orqali esa jami 1 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.
“Uychi parranda” korxonasi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan yaxlit sanoat zanjiri nafaqat Namangan, balki butun Fargʻona vodiysi bozorlarida parranda goʻshti va tuxum narxi barqarorligini taʼminlaydi. Loyiha toʻliq quvvatga chiqqach, xorijga eksport hajmi ham ortadi.
Davlatimiz rahbari shu yerning oʻzida hududning usta dehqonlari, fermer va tadbirkorlari bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezidentimiz Namangan viloyatidagi boʻsh turgan yerlardan unumli foydalanish va Pop tumanida tashkil etilgan 100 gektarlik superintensiv bogʻ loyihasining taqdimoti bilan ham tanishdi.
Qiymati 20,7 milliard soʻm boʻlgan bogʻ tumanning tabiati va tuproq sharoitiga mos ravishda barpo etilgan. Eng muhimi, uzoq yillar davomida foydalanilmay yotgan, suv bilan taʼminlanishda murakkab boʻsh yerlar mana shu loyiha sababli chinakam daromad manbaiga aylandi.
Bogʻ hududiga jami 66,6 ming tup serhosil mevali daraxt koʻchatlari ekilgan. Bunda bozor talabidan kelib chiqib, mevalarning turiga alohida eʼtibor qaratildi. Bogʻning 60 gektar maydonida 40 ming tup oʻrik, 25 gektarida 16,6 ming tup shaftoli va 15 gektarida 10 ming tup gilos daraxtlari parvarish qilinmoqda.
Zamonaviy sugʻorish va parvarishlash usullari tufayli har bir gektardan oʻrtacha 20 tonnadan sifatli hosil olish kutilmoqda. Mazkur koʻrsatkich oddiy bogʻlarga qaraganda bir necha barobar koʻp sanaladi.
Bu yerda yoʻlga qoʻyilgan kooperatsiya tizimi asosida 300 ta ehtiyojmand oilaning har biriga 30 sotixdan yer boʻlib berildi. Bunday yondashuv kam taʼminlangan xonadonlarni doimiy daromad manbai bilan ham taʼminlaydi.
Shu tariqa Namangan viloyatida boʻsh turgan yerlarni iqtisodiy aylanmaga kiritish izchil amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2019-2024-yillarda viloyatda 38 ming 900 gektar maydon qayta foydalanishga kiritilgan boʻlsa, 2025-yilning oʻzida yana 7 ming 28 gektar yer muomalaga qaytarildi. Bu boradagi strategik tashabbus doirasida 2028-yilga qadar foydalanishda boʻlmagan jami 18 ming gektar yer maydonini bosqichma-bosqich oʻzlashtirish rejalashtirilgan.