Vazirlar Mahkamasining 226-son qaroriga ko‘ra, musiqa, raqs, teatr, folklor, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlaridagi respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblariga tegishli imtiyozlar belgilangan, deya eslatib o‘tmoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, «Turon» maktab teatri, «Iqtidor» maktab ansambli va «Jadidlar izidan» tanlovlarining respublika bosqichida 1-o‘rin, xalqaro tanlovlarda esa 1–3-o‘rinlarni egallagan professional ta’lim muassasalari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar hamda umumta’lim maktablari bitiruvchilari OTMlarning kasbiy (ijodiy) imtihonlarida soha bo‘yicha eng yuqori ball belgilangan fandan maksimal ball olish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, «Iqtidor» maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari OTMga kirish yoshiga yetmagan bo‘lsa, Bolalar musiqa va san’at maktablarida bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.