Venesuelada sodir bo‘lgan kuchli zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 1430 nafarga, jarohatlanganlar soni esa 3238 nafarga yetdi.
Venesuela Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges mamlakatda yuz bergan ikki kuchli zilziladan keyingi vaziyat yuzasidan bayonot berdi.
Uning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar soni 1430 nafarga, jarohatlanganlar soni 3238 nafarga yetgan. Shuningdek, 3142 ta oila o‘z uy-joyidan ayrilgan.
Rodriges zilzilalardan keyin mamlakatda kamida 430 ta aftershok (takroriy yer silkinishlari) qayd etilganini bildirdi.
AQSh Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotiga ko‘ra, 24 iyun kuni Venesuelada 39 soniya oralig‘ida magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ikki bor zilzila sodir bo‘lgan, deb xabar berdi aa.com.tr.
USGS ma’lum qilishicha, 7,5 magnitudali zilzila Yarakuy shtatidagi Yumare shahridan janubi-sharqqa qarab 23 kilometr masofada, 7,2 magnitudali zilzila esa shu shtatdagi San-Felipe shahridan shimoli-sharqqa qarab 24 kilometr masofada qayd etilgan.
Yumareda sodir bo‘lgan zilzilaning o‘chog‘i 10 kilometr, San-Felipeda kuzatilgan zilzilaning o‘chog‘i esa 21,9 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Ayni paytda mamlakat bo‘ylab qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Rasmiylar halok bo‘lganlar va jabrlanganlar soni yanada ortishi mumkinligini istisno qilmayapti.