Loyiha doirasida Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan 100 million dollar miqdorida imtiyozli moliyalashtirish, Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd) tomonidan esa 5 million dollar grant ajratiladi. Bu IFFEd va Jahon banki o‘rtasidagi ilk hamkorlik hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, aholining tez o‘sishi va ichki migratsiya sababli O‘zbekistonda davlat maktablari infratuzilmasiga yuklama ortib bormoqda. 2026 yilda mamlakatda maktab o‘quvchilari soni 7,6 milliondan oshishi kutilmoqda. Shu bois ta’limga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun har yili taxminan 300 ta yangi maktab qurish zarur.
Hozirda boshlang‘ich ta’lim bilan qamrov 99 foizdan yuqori bo‘lsa-da, o‘qish va matematika bo‘yicha o‘quvchilarning bilim darajasi xalqaro standartlar nuqtai nazaridan hali ham pastligicha qolmoqda. Shuningdek, o‘qitish metodikasi va pedagoglarning kasbiy rivojlanish tizimini takomillashtirish zarurligi ta’kidlangan.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasinning ta’kidlashicha, boshlang‘ich sinflarda o‘qish, matematika va ijtimoiy-emotsional ko‘nikmalarni mustahkamlash mamlakatning inson kapitali va iqtisodiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.
Umumiy qiymati 378 million dollar bo‘lgan BILIM dasturi O‘zbekiston hukumati (273 million dollar), Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (100 million dollar) va IFFEd (5 million dollar granti) mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Dastur Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo hududlarida amalga oshiriladi. Ushbu hududlarga mamlakatdagi maktablarning qariyb 45 foizi to‘g‘ri keladi.
2030 yilgacha dastur doirasida:
- 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktab rahbarlari va ta’lim tizimi mutaxassislarining malakasi oshiriladi;
- yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali 27 mingta yangi o‘quv o‘rni yaratiladi;
- ta’lim ma’lumotlarini boshqarish va resurslarni taqsimlashning zamonaviy tizimlari joriy etiladi.
Kutilishicha, mazkur chora-tadbirlar boshlang‘ich sinflarda tahsil olayotgan taxminan 2 million nafar bola, jumladan, qizlarning yarmi uchun ta’lim sifatini yaxshilash va kelajakda munosib ish topish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.