Qiymati 2,4 milliard dollarga baholangan aktivlar bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur IPO O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun tarixiy voqea sifatida baholanmoqda.

Ta’kidlanishicha, bu 2021 yildan buyon London fond birjasida amalga oshirilgan eng yirik IPOlardan biri bo‘ldi. O‘zbek aksiyalariga xalqaro investorlar tomonidan yuqori qiziqish bildirildi.

Jumladan, BlackRock va Franklin Resources kabi yirik moliyaviy institutlar o‘zbek aksiyalariga sarmoya kiritdi. Mutaxassislar fikricha, bu O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorligi va o‘sish salohiyatiga bo‘lgan ishonch belgisi hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, aksiyalarning dastlabki IPO narxi 25 dollar etib belgilangan. Keyingi kunlarda esa aksiyalar qiymati o‘sib borgan:
— 13 may kuni — 26 dollar;
— 14 may kuni — 27,2 dollar;
— 15 may kuni — 27,25 dollar.

Shu tariqa, aksiya sotib olgan investorlar qisqa vaqt ichida qariyb 9 foiz foyda ko‘rgan.

Xalqaro investorlar va moliya institutlari vakillari ushbu bitimni O‘zbekiston uchun tarixiy qadam sifatida baholamoqda. Ularning ta’kidlashicha, mamlakatda keyingi yillarda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar, bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonlari va modernizatsiya dasturlari xalqaro kapital bozorlarining e’tiborini tortgan.

Shuningdek, bu O‘zbekiston tarixida global kapital bozoridan yarim milliard dollardan ortiq mablag‘ jalb qilingan ilk aksiyadorlik bitimi ekani qayd etildi.

Ma’lumot uchun, Toshkent Respublika fond birjasida rasmiy savdolar 18 may kuni boshlanishi kutilmoqda. Shu sanadan boshlab London Stock Exchangeda ham shartsiz savdolarga start beriladi. Endilikda fuqarolar iqtisodiyotning yirik korxonalari aksiyalariga sarmoya kiritish orqali daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Rasmiy marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat boʻyicha maslahatchisi Obid Hakimov va boshqa masʼullar ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir yakunlari yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot beriladi.