Nukusdagi “Kattagar” temir-beton zavodi bir paytlar shahardagi yirik sanoat korxonalaridan edi. Asrimiz boshlarida bankrotga uchrab, toʻxtab qoldi. U xususiylashtirilgach, ishlar yana yurishib ketdi. Korxonaning nomi “Konkred blud”ga oʻzgardi.
— Toʻxtab qolgan korxonani yoʻlga qoʻyish uchun xorijdan yangi uskunalar olib keldik. Chunki avvalgilari maʼnan eskirgan edi. Yangi uskunalarimiz ixcham va energiyasamarador, — deydi “Konkred blud” korxonasi rahbari Marat Huseynov. – Asosan qurilish mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Hozirgi kunda zavodimizda 50dan ziyod ishchi mehnat qiladi. Ularga yaratilgan shart-sharoit ish sifatiga taʼsir koʻrsatishi tabiiy. Bepul tushlik beriladi, yuvinish xonalari ular xizmatida. Oylik maoshlarni ham oʻz vaqtida oladi.
Bugungi kunda korxona Qoraqalpogʻistonnig barcha hududlarida olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlariga, yirik inshootlarga mahsulot yetkazib berib, yurtimiz qurilish industriyasida oʻz oʻrnini topib bomoqda. Zavodning payvandlash sexida oʻz kasbining mohir ustalari ishlaydi. Ular orasida ayollar ham borligi eʼtirofga loyiq. Payvandlovchilik ogʻir va murakkab kasb boʻlsa-da, ayollar bu yumushni qoyillatib bajarmoqda.
— Ushbu korxonada ish boshlaganimga oʻn yildan oshdi. Kelgan paytlarimda rosa qiynalganman. Temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish asosan erkak kishilarning ishi deb uylardim, — deydi payvandlovchi Guljahon Utepbergenova. — Lekin ish jarayonida bu kasbni ayollar ham bemalol eplay olishiga ishondim. Bir-ikkita ustoz opalardan koʻp narsa oʻrgandim. Hozir ular nafaqada. Ustozlarimdan oʻrganganlarimni yangi ishga kelgan qizlarga oʻrgatayapman. Uylarimiz shu yaqin atrofda, hech qiynalmasdan kelib ketamiz.
Oʻz kasbidan rozi, qilayotgan ishini sevadigan Guljahon opaning faoliyatini kuzatib, uning harakatlariga havasingiz, zavqingiz keladi. Opaning shogirdlaridan biri Nurjamol Sayimbetova ham shu kasbning ustasi va fidoiylaridan. U sexda payvandlash ishlari bilan bir qatorda, katta koʻchma kranni ham mahorat bilan boshqara oladi. Albatta, katta sex va undagi texnikalar ayollar uchun biroz vahimali koʻrinishi mumkin. Biroq bu yerdagi ishchi xotin-qizlar shijoat va mahorat bilan bemalol shunday texnikalarda ishlayotganidan hayratlanmay iloj yoʻq.
Zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatidan buyurtmachilar ham mamnun. Zero, sifatli va arzon mahsulotning xaridori koʻp boʻladi. Korxonaning temir-beton mahsulotlar ishlab chiqaruvchi sexlari faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu yerda suv qurilishi, elektr tarmoqlari, xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari uchun zarur boʻlgan turli oʻlcham va assortimentdagi tayyor temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarilayotganiga guvoh boʻldik.
— Oʻtgan yili korxonamizga ikkita yangi texnika olib keldik. Bu samaradorlikni oshirib, yana koʻproq foyda keltirmoqda. Shuningdek, temir-beton mahsulotlari uchun zarur qum, sheben va sementlarni oʻzimizning texnikalarda olib kelyapmiz. Texnikalarimizning barchasi yangi, — gapini davom ettirdi korxona rahbari Marat Huseynov. — Kelgusida temir-beton mahsulotlarining sifatini yanada yaxshilab, energiyani tejash va ishchi xodimlar sonini koʻpaytirishni maqsad qilganmiz.
Korxona mutasaddilari ishni yanada unumli va sifatli qilish borasida izlanishda. Zero, bugun har bir sohaga yangi texnologiya va innovatsiyalarni joriy etishni davrning oʻzi taqozo qilmoqda.
Yoshlar bor joyda esa kuch, shijoat va joʻshqinlik boʻladi
Quruvchilar gʻisht va sement bunyodkorlikning asosi deyishadi. Nukus shahrining janubidagi sanoat iqtisodiy zonasida joylashgan 1-gʻisht zavodi sifatli mahsulot yetkazib berayotgan korxonalardan biri.
Zavod faoliyatini boshlaganiga hali koʻp vaqt boʻlmadi, ammo jamoa doim harakatda va izlanishda. Shundan boʻlsa kerak, yaqin hududlarda unga raqobatdosh bir nechta gʻisht zavodi boʻlishiga qaramay, korxona mahsulotiga talab katta. Zavod egasi, tadbirkor Azamat Polvonov hududdagi koʻplab kishilarni ish bilan taʼminladi. Ishchilarning koʻpchiligi yoshlar. Yoshlar bor joyda esa kuch, shijoat va joʻshqinlik boʻladi.
— Men ushbu korxonada ikki yildan beri ishlayman. Bajaradigan ishimizga yarasha pul ham olyapmiz. Yonimdagilarning koʻpchiligi oʻzim kabi yoshlar, — deydi Asilbek Esenbayev. — Ishlayman deganga yoshi, qobiliyatiga yarasha ish topiladi. Daromadimiz oilamiz uchun bemalol yetib turibdi.
Har qanday mehnat bir qarashda koʻzga oson va oddiy boʻlib koʻrinishi mumkin. Ammo uning oʻziga xos sirlari va usullaridan xabardor boʻlmasang, ish bir qolipda kechishi qiyin. Bu narsani yaxshi anglagan jamiyat rahbarlari ishni kichikroq hajmdan boshladi. Ishlab chiqarilayotgan maxsulotlari arzon hamda sifatli boʻlgani uchun tezda oʻz xaridorlarini topdi. Bugun esa jamiyat darvozasi oldida turnaqator yuk mashinalari tizilib turganining oʻzi mahsulotlar qanchalik xaridorgir ekanini bildirib turibdi.
— Bundan 5 yil avval ishga tushgan gʻisht zavodimizda dastlab kuniga 15 ming dona pishgan gʻisht, 35–40 ming xom gʻisht tayyorlardik, — deydi korxona rahbari Azamat Polvonov. — Hozir esa kuniga 60–70 ming xom gʻisht, 50–60 ming pishgan gʻisht ishlab chiqaryapmiz. Korxonamizda 150 kishi ishlaydi. Asosiy ishchilar shu hududdagi mahallalar yoshlari. Ishlab chiqarish koʻlami kengayib, texnikalarimiz soni ham ortdi. Biz gʻisht ishlab chiqarishda 3–4 yildan buyon koʻmirdan foydalanyapmiz. Mahsulotlarimiz sifati yaxshi boʻlgani bois xaridorlarimiz ham yildan-yilga koʻpaymoqda. Yaqinda zamonaviy uskunalar olib kelamiz va oʻz-oʻzidan yana 50–60 kishi ish bilan taʼminlanadi.
Mazkur jamiyat oʻz oldiga katta reja va marralar qoʻygan. Asosiy maqsad korxonaning faoliyati va qamrovini yanada kengaytirish, ishchilar sonini koʻpaytirish, ishni mavsumiy qilmasdan, yilning toʻrt faslida ham toʻxtovsiz yurgizish. “Harakatda – barakat” deganlaridek, izlanish va intilishlar natijasiz qolmayapti. Korxonada yildan-yilga sifatli va arzon mahsulot ishlab chiqarilyapti.
Kelajakka poydevor
Joriy yilda ham Investitsiya dasturiga muvofiq, Qoraqalpogʻistonning qator tuman va shaharlarida maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun binolar qurishga, borlarini taʼmirlashga katta eʼtibor qaratib kelinayapti. Natijada zamonaviy va qulay sharoitlarga ega boʻlgan bolalar bogʻchalarini nafaqat shaharlarda, balki qishloqlarda ham uchratishimiz odatiy holga aylandi.
Ana shunday inshootni qurish ishlari Xoʻjayli tumanidagi “Shagʻala koʻl” ovul fuqarolar yigʻini hududida boshlandi. Qoʻli gul quruvchilar har bir daqiqadan unumli foydalanib, obyektni belgilangan muddatda topshirishga bel bogʻlagan. Shu kunlarda ikki qavatli binoning gʻisht terish ishlari yakunlandi. Bino tomiga beton plitalari yotqizilib, murakkab temir-beton konstruksiyalarni montaj qilish, payvandlash ishlari amalga oshirilmoqda.
— Ushbu bogʻcha 60 oʻringa moʻljallangan. Qurilish qiymati 2 milliard 723 million soʻmni tashkil etadi, — deydi “Mangʻit real qurilish” korxonasi ish yurituvchisi Reymboy Mirzambetov. — Joriy yil oktyabr oyida obyekt foydalanishga topshiriladi.
Sirasini aytganda, barcha jabhalarda yuz berayotgan keng koʻlamli oʻzgarish va bunyodkorlik ishlari qoraqalpogʻistonliklarning bugunidan rozi boʻlib, kelajakka ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri