Jizzax shahrida joylashgan “Temurbeklar izdoshi” nodavlat taʼlim muassasasida tashkil etilgan tadbirda zamonaviy yongʻin-qutqaruv texnika va asbob-anjomlari koʻrgazmasi namoyish etildi. Oʻquvchilar zamonaviy harbiy texnika, asbob-anjomlar bilan nafaqat tanishdilar, balki ularni ishlatish qoidalari haqida ham boy maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Tadbir davomida yoshlarga mamlakatimiz Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, vatan himoyachisi boʻlishning sharafi va masʼuliyati haqida keng maʼlumotlar berilib, sport musobaqalari oʻtkazildi.

– Zamonaviy texnikalar va harbiy xizmatchilarning saf koʻrigi, qutqaruvchilarning shiddat bilan yonayotgan olovni tezkor oʻchirishlari, xavfli hududdan insonlarni qutqarishlari biz yoshlarni toʻlqinlantirib yubordi, – deydi maktabning 9-sinf oʻquvchisi Angora Meliyeva. – Qutqaruvchilarning har qanday murakkab holatga shayligi, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari qutqaruvchi boʻlish istagimni yana-da mustahkamladi.